Xorazm viloyati, Xonqa tumani, Olaja qishlogʼi Yangi turmush mahallasi

blog
  • Yo'l harakati qoidalari
  • 10-12-2024, 09:22

Yo'l harakat qoidalari

Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-son qaroriga
1-ILOVA
Yo‘l harakati
qoidalari
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Yo‘l harakati qoidalari (keyingi o‘rinlarda — Qoidalar) O‘zbekiston Respublikasi hududida yo‘l harakatining yagona tartibini belgilaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi yo‘llarida transport vositalarining o‘ng tomonlama harakatlanish tartibi belgilangan.
3. Yo‘l harakati qatnashchilari “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini, ushbu Qoidalarni va unda keltirilgan svetofor ishoralari, yo‘l belgilari (ushbu qoidalarga 1-ilova), yo‘l chiziqlarining (ushbu qoidalarga 2-ilova) talablarini bilishlari, ularga amal qilishlari, shuningdek ularga berilgan vakolat doirasida yo‘llarda harakatni tartibga soluvchilarning ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishlari shart.
4. Yo‘l harakati qatnashchilari boshqa yo‘l harakati qatnashchilarining harakatlanishiga xavf tug‘dirmasliklari kerak. Tegishli vakolatga ega bo‘lmagan yuridik va jismoniy shaxslarga yo‘l qoplamasini buzish yoki ifloslantirish, yo‘l belgilarini, svetoforlarni va harakatlanishni tashkil etishning boshqa texnik vositalarini o‘zboshimchalik bilan olib tashlash, o‘rnatish, to‘sib qo‘yish, shikastlantirish, yo‘llarda harakatlanishga to‘sqinlik qiluvchi narsalarni qoldirish taqiqlanadi.
Harakatga to‘sqinlik tug‘dirgan shaxs uni tezda bartaraf qilish uchun imkoniyati darajasida barcha choralarni ko‘rishi, agar buning iloji bo‘lmasa, mavjud barcha vositalar bilan xavf-xatar haqida harakat qatnashchilarini ogohlantirishi va ichki ishlar organlariga (keyingi o‘rinlarda IIO) xabar berishi shart.
5. Mazkur Qoidalarni buzgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
6. Qoidalarda quyidagi asosiy tushuncha va atamalardan foydalaniladi:
Avtomagistral — 5.1. yo‘l belgisi bilan belgilangan, har bir yo‘nalishning qatnov qismlari ajratuvchi bo‘lak bilan ajratilgan (u bo‘lmaganda yo‘l to‘siqlari bilan) hamda boshqa yo‘llar, tramvay va temir yo‘llari, piyoda va velosiped yo‘lkalari bilan bir sathda kesishmaydigan yo‘l.
Avtopoyezd — ulagich moslamalari bilan ulangan egarli shatakka oluvchi va yarim tirkama yoki yuk avtomobili va tirkama (tirkamalar)dan iborat transport vositasi tarkibi.
Yo‘l harakati xavfsizligi — yo‘l harakati qatnashchilarining yo‘l-transport hodisalari va ularning oqibatlaridan himoyalanganlik darajasini aks ettiruvchi yo‘l harakati holati.
Velosiped — odam kuchi bilan harakatlantiriladigan (nogironlar aravachasidan tashqari) ikki yoki undan ortiq g‘ildirakli transport vositasi.
Transport vositasining egasi — transport vositasiga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida egalik qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs.
Haydovchi — yo‘llarda transport vositasini boshqarib borayotgan shaxs. Boshqarishni o‘rgatuvchi, ot aravani boshqarayotgan, hayvonlarni minib harakatlanayotgan yoki ularni yetaklab borayotgan, chorva mollari (poda)ni haydab borayotgan shaxslar haydovchiga tenglashtiriladi.
Majburiy to‘xtash — texnik nuqson, tashilayotgan yuk, haydovchi va yo‘lovchining holati, yo‘ldagi biror to‘siq tufayli xavf yuzaga kelganda yoxud ob-havo sharoitiga bog‘liq holda transport vositasi harakatini to‘xtatish.
Asosiy yo‘l — tuproqli yo‘lga nisbatan qattiq qoplamali (asfalt va sement-betonli, tosh va shunga o‘xshashlar yotqizilgan), kesishayotgan yoki tutashgan yo‘lga nisbatan 2.12.3.1 — 2.3.3 yoki 5.1 yo‘l belgilari bilan belgilangan yoxud yondosh hududdan chiqadigan yo‘lga nisbatan har qanday yo‘l. Ikkinchi darajali yo‘lning bevosita chorrahaga tutash qismining qoplamali bo‘lishi uni asosiy yo‘l bilan teng huquqli qilmaydi.
Arava — ot (yoki boshqa hayvonlar)ga qo‘shib tortiladigan yoki odam mushak kuchi bilan harakatga keltiriladigan dvigatel bilan jihozlanmagan, yuk tashishga mo‘ljallangan qurilma.
Yo‘l — transport vositalari va piyodalarning harakatlanishi uchun qurilgan yoki moslashtirilgan yer bo‘lagi yoxud sun’iy inshoot yuzasi. Yo‘l avtomobil va shahar elektr transporti yo‘llarini hamda trotuarlarni o‘z ichiga oladi.
Yo‘l-transport hodisasi — transport vositasining yo‘lda harakatlanishi jarayonida ro‘y bergan, fuqarolarning halok bo‘lishiga yoki sog‘lig‘iga zarar yetishiga, transport vositalari, inshootlar, yuklarning shikastlanishi yoxud boshqa moddiy zarar yetishiga sabab bo‘lgan hodisa.
Yo‘l harakati — odamlar va yuklarning transport vositalari yordamida yoki bunday vositalarsiz yo‘llar doirasida harakatlanishi jarayonida yuzaga keluvchi munosabatlar majmui.
Temir yo‘l kesishmasi — yo‘lning temir yo‘llar bilan bir sathda kesishgan joyi.
Yo‘nalishli transport vositasi — belgilangan yo‘nalishi va bekatlari bo‘lgan, yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan umum foydalanishdagi transport vositalari (trolleybus, tramvay, avtobus, yo‘nalishli taksi).
Mexanik transport vositasi — dvigatel bilan harakatga keltiriladigan transport vositasi (mopeddan tashqari). Bu atama barcha traktor va o‘ziyurar moslamalarga ham taalluqlidir.
Moped — ish hajmi 50 sm3 gacha, yuqori tezligi soatiga 50 kilometrdan oshmaydigan dvigatel bilan harakatga keltiriladigan ikki yoki uch g‘ildirakli transport vositasi. Osma dvigatelli velosipedlar va yuqoridagi ta’rifga ega bo‘lgan boshqa transport vositalari ham mopedlarga tenglashtiriladi.
Mototsikl — kajavali yoki kajavasiz ikki g‘ildirakli mexanik transport vositasi. Aslahalangan holatdagi vazni 400 kilogrammdan oshmaydigan uch va to‘rt g‘ildirakli mexanik transport vositalari, shuningdek dvigatelining ish hajmi 50 sm3 dan yoki eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometrdan ortiq bo‘lgan skuter, kvadrotsikl, elektroskuterlar ham mototsikllarga tenglashtiriladi.
Aholi punkti — kirish va chiqish yo‘llari 5.22 — 5.25 yo‘l belgilari bilan belgilangan hudud.
Etarlicha ko‘rinmaslik — yomg‘ir, qor yog‘ishi, tuman tushishi va shunga o‘xshash sharoitlarda, shuningdek kunning g‘ira-shira vaqtida yo‘lning ko‘rinish masofasi 300 metrdan kam bo‘lishi.
Quvib o‘tish — egallagan harakatlanish bo‘lagidan chiqib, oldinda harakatlanayotgan transport vositasidan o‘zib ketish.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash — yo‘l-transport hodisalarining kelib chiqish sabablarini oldini olishga, ularning og‘ir oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan faoliyat.
Yo‘l yoqasi — yo‘lning qatnov qismiga u bilan bir sathda bevosita tutashgan, qoplama turi bilan farq qiladigan yoki 1.1 yo‘l chizig‘i yordamida ajratilgan, ushbu Qoidalarga muvofiq harakatlanish, to‘xtash va to‘xtab turish uchun mo‘ljallangan bo‘lagi.
Yo‘l harakatini tashkil etish — yo‘llarda harakatni boshqarish bo‘yicha huquqiy, tashkiliy-texnikaviy tadbirlar va boshqaruv harakatlari majmui.
Piyodalarning tashkiliy jamlanmasi — Qoidalarning 16-bandi talablariga muvofiq, yo‘lda bir yo‘nalishda birgalikda harakatlanayotgan odamlar guruhi.
Transport vositalarining tashkiliy jamlanmasi — oldida yalt-yalt etuvchi ko‘k rangli yoki ko‘k va qizil rangli chiroq mayoqchasi yoqilgan transport vositasi kuzatib borayotgan, bevosita bir-birining ketidan, bitta harakatlanish bo‘lagida, chiroqlarini doimiy yoqib kelayotgan, uch va undan ortiq mexanik transport vositalari guruhi.
Bolalar guruhini tashkiliy tashish — yo‘nalishli transport vositalariga daxli bo‘lmagan avtobuslarda sakkiz va undan ortiq bolalarning tashkiliy tashilishi.
To‘xtash — transport vositasi harakatini 10 daqiqagacha bo‘lgan muddatga to‘xtatish (harakatsiz holatga keltirish).
Yo‘lovchi — transport vositasidagi (haydovchidan tashqari) shaxs.
Chorraha — yo‘llarning o‘zaro bir sathda kesishadigan, tutashadigan va ayriladigan joyi.
Chorraha chegarasi uning markazidan qatnov qismlari oxiridagi qarama-qarshi tomonlarning eng uzoq burila boshlagan joylarini tutashtiruvchi tasavvur qilinadigan chiziqlar bilan aniqlanadi.
Yondosh hududlardan chiqish joylari chorraha hisoblanmaydi.
Ogohlantiruvchi ishoralar — avariya holatlarining oldini olish maqsadida, shuningdek harakat yo‘nalishini o‘zgartirishda qo‘llaniladigan ishoralar.
Piyoda — transport vositasidan tashqarida bo‘lgan va yo‘lda biror-bir yumush bilan band bo‘lmagan shaxs.
Velosiped, moped, mototsikl, chana, aravacha va bolalar hamda nogironlar aravachasini yetaklagan, nogironlarning dvigatelsiz aravachasida harakatlanayotgan shaxslar ham piyoda hisoblanadilar.
Piyodalar o‘tish joyi — yo‘l qatnov qismining piyodalar kesib o‘tishi uchun mo‘ljallangan, 5.16.15.16.2 yo‘l belgilari va 1.14.1 — 1.14.3 yo‘l chiziqlari bilan ajratilgan bo‘lagi.
Yo‘l chiziqlari bo‘lmasa, piyodalar o‘tish joyining kengligi 5.16.1 va 5.16.2 yo‘l belgilari orasidagi masofa bilan aniqlanadi.
Piyodalar yo‘lkasi — yo‘lning piyodalar harakatlanishi uchun mo‘ljallangan va transport vositalari harakati taqiqlangan qismi.
Yondosh hudud — bevosita yo‘lga tutashgan va transport vositalari o‘tib ketishi uchun mo‘ljallanmagan hudud (hovlilar, turar joy dahalari, avtomobil to‘xtab turish joylari, yonilg‘i quyish shoxobchalari, korxona va shunga o‘xshashlar).
Imtiyoz — mo‘ljallangan yo‘nalishda boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga nisbatan oldin harakatlanish huquqi.
Tirkama — mexanik transport vositasi tarkibida harakatlanishga mo‘ljallangan, dvigatel bilan jihozlanmagan transport vositasi. Bu atama yarim tirkama va uzaytiriladigan tirkamalarga ham taalluqlidir.
Qatnov qismi — yo‘lning relssiz transport vositalari harakati uchun mo‘ljallangan qismi.
Harakatlanish bo‘lagi — avtomobillarning bir qator bo‘lib harakatlanishi uchun yetarlicha keng bo‘lgan, yo‘l chiziqlari bilan belgilangan yoki belgilanmagan yo‘l qatnov qismining har qanday bo‘ylama bo‘lagi.
Ajratuvchi bo‘lak — yo‘lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan, yo‘l sathidan baland va (yoki) 1.1 yotiq chizig‘i bilan belgilangan qismi.
Ruxsat etilgan to‘la vazn — aslahalangan transport vositasining ishlab chiqargan korxona tomonidan belgilangan, yuk, haydovchi va yo‘lovchilari bilan birgalikdagi eng yuqori vazni (o‘lchovi).
Bir tarkibda harakatlanayotgan (tirkama va h. k.) transport vositalarining ruxsat etilgan to‘la vazniga shu tarkibga kiruvchi transport vositalarining ruxsat etilgan to‘la vaznlari yig‘indisi kiradi.
Reversiv harakat — yo‘l qatnov qismining maxsus ajratilgan, 5.35 — 5.37 yo‘l belgilari, 1.9 yo‘l chizig‘i bilan belgilangan va ustida reversiv svetofor o‘rnatilgan bo‘lagida harakat yo‘nalishining qarama-qarshi tomonga o‘zgarishi.
Tartibga soluvchi — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (keyingi o‘rinlarda DYHXX), harbiy avtomobil nazorati organlari xodimi, o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan, ushbu Qoidalarda ko‘zda tutilgan ishoralar yordamida yo‘l harakatini tartibga solish vakolatiga ega bo‘lgan va uni bevosita amalga oshirayotgan, yo‘ldan foydalanish xizmati xodimlari, temir yo‘l kesishmasi va sol kechuvlaridagi navbatchilar. Tartibga soluvchi maxsus kiyim va (yoki) taniqlik belgisi (qo‘l bog‘ichi, jezl, qizil ishorali yorug‘lik qaytargich, qizil chiroq yoki bayroqcha)ga ega bo‘lishi shart.
Yo‘l berish — yo‘l harakati qatnashchilariga nisbatan imtiyozi bo‘lgan boshqa yo‘l harakati qatnashchisining harakat yo‘nalishi yoki tezligini o‘zgartirishga majbur etishi mumkin bo‘lgan hollarda harakatni davom ettirmasligini yoki boshlamasligini, biror-bir manyovr bajarishi mumkin emasligini bildiruvchi talab.
Yo‘l harakati qatnashchisi — yo‘l harakati jarayonida transport vositasining haydovchisi, yo‘lovchisi yoki piyoda tariqasida bevosita ishtirok etayotgan shaxs.
Transport vositasi — odamlarni, yuklarni tashishga yoki maxsus ishlarni bajarishga mo‘ljallangan qurilma.
Trotuar — qatnov qismiga tutashgan yoki undan maysazor, ariq, maxsus to‘siqlar bilan ajratilgan va piyodalarning harakatlanishi uchun mo‘ljallangan yo‘l qismi.
To‘xtab turish — transport vositasiga yo‘lovchilarni chiqarish yoki tushirish, yuk ortish yoki tushirish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda harakatini 10 daqiqadan ko‘proq vaqtga atayin to‘xtatish.
Qorong‘i vaqt — kechki g‘ira-shiraning oxiridan tonggi g‘ira-shiraning boshlanishigacha bo‘lgan oraliqdagi vaqt.
Haqiqiy vazn — transport vositasining yuki, haydovchi va yo‘lovchilari bilan birgalikdagi vazni.
Foto va video qayd etish — yo‘l harakati qoidalari buzilishini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnik vositalari yordamida qayd etish.
II. Haydovchilarning umumiy majburiyatlari
7. Mexanik transport vositasining haydovchisi quyidagilarni yonida olib yurishi va IIO xodimlari talab qilganda tekshirish uchun taqdim etishi shart:
haydovchilik guvohnomasi va uning talonini yoki transport vositasini vaqtinchalik boshqarish huquqini beruvchi talonni, haydovchilik guvohnomasi belgilangan tartibda olib qo‘yilgan bo‘lsa, uning talonini, haydovchilik guvohnomasi va uning taloni olib qo‘yilgan hollarda vaqtinchalik ruxsatnomani;
vaqtinchalik boshqarish huquqini beruvchi talon yoki vaqtinchalik ruxsatnoma bilan transport vositasini boshqarishda haydovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatni;
Oldingi tahrirga qarang.

transport vositasi yoki tirkamani qayd qilish guvohnomasini;
(7-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-noyabrdagi 915-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.11.2019-y., 09/19/915/4033-son)
Oldingi tahrirga qarang.

transport vositasining egasi bo‘lmagan hollarda esa umumiy egalik huquqini yoki tasarruf etish huquqini beruvchi, egalik qilishga va foydalanishga berilganligini tasdiqlovchi hujjatni, transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisida ko‘rsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) bundan mustasno;
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-noyabrdagi 915-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.11.2019-y., 09/19/915/4033-son)
transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisini;
qonunchilikda ko‘zda tutilgan hollarda yo‘l varaqasi va tashilayotgan yukning hujjatlarini.
Oldingi tahrirga qarang.

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda — haydovchilar malaka oshirgani to‘g‘risidagi sertifikati.
(7-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-fevraldagi 139-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2018-y., 09/18/139/0818-son)
8. Tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasiga, uning taloniga, vaqtinchalik ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxs, o‘ziga tegishli bo‘lmagan transport vositasini, uning egasi yonida bo‘lganida yoxud tasarruf etish huquqini beruvchi yoki egalik qilishga, foydalanishga berilganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lgan shaxs ishtirokidagina (ularning roziligi bilan) boshqarishi mumkin, agar transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha shartnoma ushbu transport vositasidan cheklanmagan shaxslarning foydalanilishini hisobga olgan holda tuzilgan yoki transport vositasini boshqarayotgan shaxs sug‘urta polisida ko‘rsatilgan bo‘lsa.
Oldingi tahrirga qarang.

Transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisida ko‘rsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) ushbu transport vositasidan mustaqil foydalanishi va boshqarishi mumkin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-noyabrdagi 915-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.11.2019-y., 09/19/915/4033-son)
9. Konstruksiyasida xavfsizlik kamarlari nazarda tutilgan transport vositasi harakatlanib borayotganda haydovchi xavfsizlik kamarini taqib olishi shart.
Quyidagi shaxslarga xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladi:
avtomobilning orqa o‘rindig‘idagi 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar (ushbu Qoidalarning 159-bandiga muvofiq);
transport vositasini o‘quvchi boshqarayotgan vaqtda avtomototransport vositasini yoki shahar elektr transportini boshqarishni o‘rgatuvchi amaliy mashg‘ulotlar instruktori;
homilador ayollar, salomatligi xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan bemor yo‘lovchilar;
orqaga harakatni amalga oshirayotgan haydovchilar;
aholi punktlarida harakatlanishda — yo‘nalishli taksi haydovchilari, taksining orqa o‘rindig‘idagi yo‘lovchilar;
aholi punktlarida tashqi qismiga maxsus rangli grafik chizmalar chizilgan transport vositalari haydovchilari va yo‘lovchilari.
Mototsikl va mopedda harakatlanayotgan haydovchi va yo‘lovchilar maxsus motoshlem kiyishlari va uni qadab olishlari shart.
10. Xalqaro yo‘l harakatida ishtirok etayotgan mexanik transport vositasi haydovchisining yonida yo‘l harakati haqidagi Konvensiya talablariga mos keladigan haydovchilik guvohnomasi va transport vositasining (tirkama bo‘lsa unga ham) ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi hujjat, transport vositasida (tirkama bo‘lsa unda ham) ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgisi va u ro‘yxatdan o‘tgan davlatning taniqlik belgisi bo‘lishi shart.
11. Transport vositasining haydovchisi quyidagilarga majburdir:
a) yo‘lga chiqishdan oldin transport vositasining texnik sozligini, tozaligini va to‘liq jihozlanganligini tekshirishi;
b) harakatlanish vaqtida transport vositasining texnik sozligini ta’minlashi;
v) harakatlanishni boshlashdan oldin yo‘lovchilar transport vositasida joylarini egallaganligiga, transport vositasining eshiklari yopilganligiga, yo‘lovchilar tashish uchun maxsus jihozlangan yuk avtomobillarida yo‘lovchilar tashiyotganda, Qoidalarning 24-bandi talablari bajarilganligiga ishonch hosil qilishi;
g) harakatlanish jarayonida piyodalar, ayniqsa, bolalar, nogironlar, qariyalarga va velosipedchilarga nisbatan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishi;
d) yo‘lovchilarni quyidagilar haqida ogohlantirishi:
harakatlanayotgan vaqtda avtomobil salonidan tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) chiqarish taqiqlanganligi;
transport vositasi harakatlanishni boshlanishidan oldin xavfsizlik kamarini taqish (Ushbu Qoidalarning 9-bandida nazarda tutilgan hollardan tashqari), mototsikl va mopedda harakatlanayotganda esa maxsus motoshlem kiyishlari va uni qadab olishlari zarurligi;
e) sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda majburiy to‘xtagan transport vositasining haydovchisi ta’mirlash maqsadida yo‘lning qatnov qismiga chiqishdan oldin nur qaytargichli maxsus jilet kiyib olishi (yengil va yuk avtomobili, avtobus va g‘ildirakli traktorlar haydovchilari);
j) IIO xodimlarining talabiga ko‘ra mastlik holatini aniqlovchi maxsus tekshiruvdan o‘tishi;
z) quyidagi hollarda transport vositasini foydalanish uchun taqdim etishi:
IIO xodimlariga qonunda belgilangan xollarda kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarish uchun, shuningdek yo‘l-transport hodisasi tufayli shikastlangan yoki nosoz transport vositalarini olib ketish (shatakka olish) uchun (faqat yuk avtomobilidan);
yo‘lakay yo‘nalishda tibbiy yordam ko‘rsatishga ketayotgan tibbiyot xodimlariga hamda zudlik bilan tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni davolash-profilaktika muassasasiga olib borish uchun.
Transport vositasini foydalanish uchun taqdim etish talabi fuqarolarga tegishli (tibbiy yordam ko‘rsatish holatidan tashqari)transport vositalariga taalluqli emas.
Transport vositasidan foydalangan shaxs haydovchi talab qilganda yo‘l varaqasiga yurilgan vaqtni, bosib o‘tilgan masofani, o‘z ismi-sharifi, mansabi, ish joyi nomini, yo‘l varaqasi bo‘lmagan taqdirda tegishli namunadagi ma’lumotnomani yozib berishi kerak.
Transport vositalarini tekshirish yoki undan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxs haydovchining talabiga muvofiq o‘z xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi shart.
12. Haydovchiga quyidagilar taqiqlanadi:
transport vositasini mastlik holatida (alkogol, giyohvand moddalar iste’mol qilgan va h. k.), sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida boshqarish;
har qanday mastlik holatida, sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajada charchoqlik va betoblik holatida bo‘lgan, shuningdek tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan, yo‘l varaqasida yoki transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisida ism-sharifi ko‘rsatilmagan (transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha shartnoma ushbu transport vositasidan cheklanmagan shaxslarning foydalanilishini hisobga olgan holda tuzilgan hollardan tashqari) shaxslarga transport vositasini boshqarish uchun topshirish;
tormoz tizimi, rul boshqaruvi ishlamayotgan, ulagich moslamasi (avtopoyezd tarkibida) nosoz bo‘lgan, qorong‘i vaqtda yoki yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda — old chiroqlar va orqa gabarit chiroqlari bo‘lmagan yoki yonmayotgan, yomg‘ir, qor yog‘ayotgan vaqtda haydovchi tomonidagi oyna tozalagich ishlamayotgan transport vositalarini boshqarish;
tegishli ruxsatsiz transport vositalariga maxsus texnik jihoz (ratsiya, sirena va shu kabilar)lar o‘rnatish;
transport vositalarining tashkiliy jamlanmasi, shu jumladan piyodalar jamlanmalari harakatiga xalaqit berish va ular orasiga kirish;
transport vositasini boshqarish paytida telefondan, transport vositasi salonining old qismiga ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan o‘rnatilgan tele-, videomonitordan tele-, videodasturlarni tomosha qilish uchun foydalanish;
transport vositasi salonining old qismiga, shu jumladan, priborlar paneliga, quyosh soyaboniga va orqa tomonni ko‘rish ko‘zgusiga (faqat tashqi ko‘rinishni tasvirga oladigan videokamera, navigator, videoregistratorlardan tashqari, agar ular haydovchiga ko‘rinishni cheklamasa) tele, video monitorlar o‘rnatish.
Harakatlanish vaqtida ushbu Qoidalarning 3-ilovasida ko‘rsatilgan transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlar yuzaga kelganda, haydovchi ularni bartaraf etishi, agar buning iloji bo‘lmasa, zarur bo‘lgan ehtiyot choralarini ko‘rib, ta’mirlash yoki to‘xtab turish joyiga yetib olish uchun harakatlanishi mumkin.
III. Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda haydovchining majburiyatlari
13. Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda unga daxldor haydovchilar quyidagilarni bajarishlari shart:
transport vositasini darhol to‘xtatishi, avariya ishoralarini yoqishi va avariya sababli to‘xtash belgisini o‘rnatishi, transport vositasini va hodisaga daxldor buyumlarni joyidan qo‘zg‘atmasligi;
shikastlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rishi, tez tibbiy yordam va favqulodda qutqaruv xizmatlarini chaqirishi, shoshilinch hollarda esa shikastlanganlarni yaqin oradagi davolash-profilaktika muassasasiga yo‘lakay transport vositasida jo‘natishi, buning imkoni bo‘lmagan hollarda o‘z transport vositasida olib borishi, u erda o‘z ismi-sharifi, transport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgisi haqida axborot berishi (o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yoki haydovchilik guvohnomasini va transport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik hujjatini ko‘rsatishi) va hodisa ro‘y bergan joyga qaytib kelishi;
agar boshqa transport vositalarining harakatiga to‘sqinlik qilsa qatnov qismini bo‘shatishi. Qatnov qismini bo‘shatish yoki shikastlanganlarni o‘z transport vositasida davolash-profilaktika muassasasiga olib borish zarur bo‘lganda, yo‘l-transport hodisasiga daxldor haydovchilar avvalo transport vositasi, hodisaga aloqador buyumlar va izlarning holatini guvohlar ishtirokida dastlabki qayd etishni amalga oshirish, ularning yo‘qolmasligi va hodisa ro‘y bergan joyni aylanib o‘tishni tashkil qilishning barcha choralarni ko‘rishi;
hodisa haqida IIOga xabar berishi, guvohlarning ism-sharifini va yashash manzilini yozib olib, IIO xodimlarining kelishini kutishi.
14. Agar yo‘l-transport hodisasida shikastlanganlar bo‘lmasa va haydovchilar hodisaga baho berishda o‘zaro kelisha olsalar, dastlabki hodisa chizmasini chizib, uni imzolab, yaqin oradagi DYHHX maskani yoki IIOga borishlari mumkin.
IV. Piyodalarning majburiyatlari
15. Piyodalar trotuardan yoki piyodalar yo‘lkasidan, ular bo‘lmaganda esa yo‘l yoqasidan yurishlari kerak. Hajmi katta yuklarni olib ketayotgan piyodalar, shuningdek nogironlarning dvigatelsiz kajavasida harakatlanayotgan shaxslarning trotuar yoki piyodalar yo‘lkasidan harakatlanishi boshqa piyodalarning harakatlanishiga xalaqit berayotgan bo‘lsa, ular qatnov qismining chetidan harakatlanishlari mumkin.
Trotuar, piyodalar yo‘lkasi, yo‘l yoqasi bo‘lmasa yoki ulardan yurishning imkoniyati bo‘lmagan hollarda piyodalar velosiped yo‘lkasidan yoki qatnov qismining chetidan (ajratuvchi bo‘lagi bor yo‘llarda qatnov qismining tashqi chetidan) bir qator bo‘lib yurishlari mumkin.
Qatnov qismining chetida harakatlanayotgan piyodalar transport vositalarining harakatiga qarama-qarshi yo‘nalishda yurishlari kerak. Nogironlarning dvigatelsiz kajavasida harakatlanayotgan, mototsikl, moped, velosiped yetaklab ketayotgan shaxslar esa bunday hollarda transport vositalarining harakat yo‘nalishi bo‘ylab yurishlari kerak.
Piyodalar yo‘lkasida, trotuarda, yo‘l yoqasida piyodalarning harakatlanishiga xalaqit beradigan qurilma va to‘siqlar o‘rnatish taqiqlanadi.
16. Piyodalarning tashkiliy jamlanmasiga yo‘lning qatnov qismida bir qatorda to‘rt kishidan ortiq bo‘lmasdan, faqat transport vositalarining harakat yo‘nalishi bo‘ylab o‘ng tomondan yurishga ruxsat etiladi.
Jamlanmaning oldi va orqasida chap tomondan qizil bayroqcha, qorong‘i vaqtda yoki yetarlicha ko‘rinmaslik sharoitida esa oldinda oq, orqada qizil rangli chiroq ko‘targan kuzatuvchilar bo‘lishi kerak.
Bolalar guruhini trotuarlar va piyodalar yo‘lkalaridangina, ular bo‘lmaganda esa yo‘l yoqasidan faqat kunduzi va katta yoshdagilar kuzatuvida olib yurishga ruxsat etiladi.
17. Piyodalar yo‘lning qatnov qismini piyodalar o‘tish joylaridan, shuningdek yer osti va yer usti o‘tish joylaridan, ular bo‘lmaganda esa chorrahalarda trotuar chiziqlari yoki yo‘l yoqasi bo‘ylab kesib o‘tishlari kerak.
Piyodalarga ko‘rinadigan oraliqda o‘tish joyi yoki chorraha bo‘lmasa, ajratuvchi bo‘laksiz va to‘siqsiz yo‘llardan yo‘lning ikki tomoni yaxshi ko‘rinadigan joyidan, qatnov qismining chetiga nisbatan to‘g‘ri burchak ostida kesib o‘tishlariga ruxsat etiladi.
18. Yo‘l harakati tartibga solingan joylarda piyodalar tartibga soluvchining yoki piyodalar svetoforlarining, ular bo‘lmaganda esa transport svetoforlarining ishoralariga amal qilishlari kerak.
19. Harakat tartibga solinmaydigan piyodalar o‘tish joylarida, piyodalar yaqinlashib kelayotgan transport vositalarigacha bo‘lgan masofani va ularning tezligini chamalab ko‘rib, o‘tish o‘zlari uchun xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilganlaridan so‘ng yo‘lning qatnov qismiga chiqishlariga ruxsat etiladi.
Shuningdek, ular yo‘lning qatnov qismini piyodalar o‘tish joylaridan tashqarida kesib o‘tishda transport vositalarining harakatlanishiga xalaqit bermasliklari, yaqinlashib kelayotgan transport vositalarining yo‘qligiga ishonch hosil qilmasdan turib, ko‘rinishni cheklovchi, to‘xtab turgan transport vositasi yoki boshqa biror to‘siq panasidan chiqmasliklari kerak.
Yo‘lning qatnov qismida, shuningdek piyodalar o‘tish joylarida harakatlanayotgan piyodalarga telefondan foydalanish, tele-, videomahsulotlarni ko‘rish, radio-audiomahsulotlarni eshitish, kitob yoki davriy matbuot o‘qish, hamda e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanish taqiqlanadi.
Piyodalar to‘xtab turgan avtobus va trolleybusning orqa tomonidan, tramvayning esa oldi tomonidan yo‘lni kesib o‘tishlari shart.
20. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lmasa yo‘lning qatnov qismiga chiqqan piyodalar ushlanib qolmasliklari va to‘xtamasliklari kerak. O‘tishga ulgurmagan piyodalar qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport oqimlarini ajratuvchi chiziqda to‘xtashlari lozim. Keyingi harakatlanish xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng va svetofor yoki tartibga soluvchining ishoralarini hisobga olgan holda o‘tishni davom ettirishlari mumkin.
21. Yalt-yalt etuvchi ko‘k rangli yoki ko‘k va qizil rangli chiroq-mayoqchasi va maxsus tovushli ishorasi yoqilgan transport vositalari yaqinlashib kelayotgan bo‘lsa, piyodalar qatnov qismidan o‘tmasliklari, unda harakatlanayotganlari esa, bu transport vositalariga yo‘l berishlari va zudlik bilan qatnov qismini bo‘shatishlari kerak.
22. Yo‘nalishli transport vositalarini faqat qatnov qismidan baland joylashgan kutish maydonchalarida, ular bo‘lmaganda esa, trotuar yoki yo‘l yoqasida kutishlari kerak. Qatnov qismidan baland joylashgan maydonchalar bilan jihozlanmagan bekatlarda yo‘nalishli transport vositalari to‘la to‘xtagandan so‘ng unga chiqish uchun qatnov qismiga chiqishga ruxsat etiladi. Undan tushgandan keyin ushlanib qolmasdan qatnov qismini bo‘shatishlari shart.
Qatnov qismi bo‘ylab bekatlarga borayotgan yoki undan qaytayotgan piyodalar ushbu Qoidalarning 18 — 21-bandlari talablariga amal qilishlari kerak.
V. Yo‘lovchilarning majburiyatlari
23. Yo‘lovchilar transport vositasiga faqat u to‘la to‘xtagandan so‘ng trotuar yoki yo‘l yoqasi tomondan chiqishga va tushishga majburdirlar.
Yo‘lovchilarning transport vositalaridan trotuar yoki yo‘l yoqasi tomondan tushishi yoki ularga chiqishining iloji bo‘lmagan hollarda, agar bu harakat xavf tug‘dirmasa yoki boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga xalaqit bermasa yo‘lning qatnov qismi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
24. Yo‘lovchilarga quyidagilar taqiqlanadi:
transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda haydovchini boshqarishdan chalg‘itish va unga xalaqit berish;
harakatlanayotgan bortli yuk avtomobillarida tik turish, bortlarda yoki undan yuqoridagi yuk ustida o‘tirish;
transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda uning eshiklarini ochish;
transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda salondan tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) chiqarish.
VI. Maxsus transport vositalarining imtiyozlari
25. Ko‘k yoki ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqchasi yoqilgan transport vositalarining haydovchilari kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarayotib, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sharti bilan ushbu Qoidalarning VII bob (38-bandidan tashqari), IX — XVIXIX–XX boblariva 2-ilovalari talablaridan chetga chiqishlari mumkin.
Boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga nisbatan imtiyozga ega bo‘lishlari uchun bunday transport vositalarida ko‘k yoki ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va maxsus tovushli ishora yoqilgan bo‘lishi shart. Ular o‘zlariga yo‘l berilayotganligiga ishonch hosil qilganlaridan so‘nggina imtiyozdan foydalanishlari mumkin.
Ushbu imtiyozdan ko‘k yoki ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqchalar va maxsus tovushli ishoralari yoqilgan transport vositalar tomonidan kuzatib kelayotgan transport vositalari ham foydalanadilar. Kuzatib kelinayotgan transport vositalarida yaqinni yorituvchi chiroqlari yoqilgan bo‘lishi shart.
26. Haydovchilar ko‘k yoki ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va maxsus tovushli ishoralarini yoqqan holda yaqinlashib kelayotgan transport vositalariga, shuningdek ularning kuzatuvidagi, yaqinni yorituvchi chiroqlari yoqilgan transport vositalariga to‘siqsiz o‘tib ketishlari uchun yo‘l berishlari shart.
27. Ko‘k yoki ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqchasini yoqib to‘xtab turgan transport vositasiga yaqinlashayotgan haydovchilar zarur bo‘lgan hollarda harakatlanish tezligini darhol to‘xtash imkoniyatini beradigan darajada kamaytirishlari shart.
28. Zarg‘aldoq yoki sariq rangli miltillovchi chiroq-mayoqcha yo‘lda qurilish, ta’mirlash yoki tozalash ishlari olib borilayotganda, shuningdek texnik shikastlangan, nosoz bo‘lgan va boshqa transport vositalarini qonunda ko‘zda tutilgan hollarda ortishda, tashishda, yo‘l harakatida qatnashayotgan, gabarit o‘lchamlari ushbu Qoidalarning 164-bandida belgilangandan ortiq bo‘lgan, shuningdek o‘ta og‘ir, katta o‘lchamli va xavfli yuk tashiyotgan transport vositalarida va qonun hujjatlari bilan belgilangan hollarda bunday transport vositalarini kuzatib kelayotgan transport vositalarida yoqilishi kerak. Zarg‘aldoq va sariq rangli chiroq-mayoqcha harakatlanishda imtiyoz bermaydi va boshqa yo‘l harakati qatnashchilarini faqat xavf borligidan ogohlantiradi.
29. Zarg‘aldoq yoki sariq rangli chiroq-mayoqchasi yoqilgan transport vositalarining haydovchilari yo‘l qurilishi, ta’mirlanishi va tozalanishi jarayonida hamda texnik shikastlangan, nosoz bo‘lgan, shuningdek qonunda ko‘zda tutilgan hollarda boshqa transport vositalarini ortishda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sharti bilan ushbu Qoidalarning yo‘l belgilari (2.22.4 — 2.63.11 — 3.14, 3.17.23.20 yo‘l belgilaridan tashqari), yo‘l chiziqlari hamda 67 — 71 va 121-bandlari talablaridan chetga chiqishlari mumkin.
Yo‘l harakatida qatnashayotgan, gabarit o‘lchamlari ushbu Qoidalarning 164-bandida belgilangandan ortiq bo‘lgan, katta o‘lchamli va (yoki) o‘ta og‘ir yuk tashiyotgan transport vositalarining hamda ularni kuzatib kelayotgan zarg‘aldoq yoki sariq rangli miltillovchi chiroq-mayoqchasi yoqilgan transport vositalarining haydovchilari harakat xavfsizligini ta’minlash sharti bilan yo‘l chiziqlari talablaridan chetga chiqishlari mumkin.
VII. Svetofor va tartibga soluvchining ishoralari
30. Svetoforlarda yashil, sariq, qizil va oq rangli yorug‘lik ishoralari qo‘llaniladi.
Svetofor ishoralari vazifasiga bog‘liq ravishda doirasimon, yo‘naltirgich, piyoda tasviri tushirilgan va X-simon ko‘rinishda bo‘lishi mumkin (ushbu Qoidalarga 1-ilova).
Ishorasi doira shaklidagi svetoforlarda yashil ishoralar bilan bir sathda joylashgan ishoralari yashil yo‘naltirgich ko‘rinishidagi bitta yoki ikkita qo‘shimcha tarmoq bo‘lishi mumkin.
31. Svetoforning doirali ishoralari quyidagi ma’noni bildiradi:
yashil ishora harakatlanishga ruxsat beradi;
miltillovchi yashil ishora ham harakatlanishga ruxsat beradi va uning ta’sir vaqti tugayotganligi hamda ko‘p o‘tmay taqiqlovchi ishora yonishi haqida axborot beradi;
yashil ishora o‘chishiga soniyalarda qancha vaqt qolganligi haqida axborot berish uchun raqamli tablo qo‘llanilishi mumkin;
sariq ishora harakatni taqiqlaydi, ushbu Qoidalarning 42-bandida ko‘zda tutilgan holatlardan tashqari va ishoralar almashuvi haqida ogohlantiradi;
miltillovchi sariq ishora harakatlanishga ruxsat beradi va tartibga solinmagan chorraha yoki piyodalar o‘tish joyi borligidan xabardor qiladi, xavf-xatar haqida ogohlantiradi;
qizil ishora, shuningdek miltillovchi qizil ishora harakatlanishni taqiqlaydi;
qizil va sariq ishoralarning bir vaqtda yonishi harakatlanishni taqiqlaydi va ko‘p o‘tmay yashil ishora yonishi haqida axborot beradi.
32. Yo‘naltirgich ko‘rinishidagi qizil, sariq va yashil rangli svetofor ishoralari ham doira shaklidagi svetofor ishoralari bilan bir xil ma’noga ega bo‘ladi. Ular faqat ko‘rsatilgan yo‘nalishga ta’sir etadi.
Agar tegishli yo‘l belgisi bilan qayrilib olish taqiqlanmagan bo‘lsa, chapga burilishga ruxsat beruvchi yo‘naltirgich qayrilib olishga ham ruxsat beradi. Qo‘shimcha tarmoqdagi yashil yo‘naltirgich ham xuddi shu ma’noni bildiradi.
Qo‘shimcha tarmoqdagi ishora o‘chirilgan bo‘lsa, shu tarmoq tartibga solayotgan yo‘nalishda harakatlanish taqiqlanganligini bildiradi.
33. Svetoforning asosiy yashil ishorasiga qora yo‘naltirgich (yo‘naltirgichlar)ning shakli tushirilgan bo‘lsa, u haydovchilarga svetoforning qo‘shimcha tarmog‘i borligi haqida axborot beradi va asosiy yashil ishora yonganda harakatlanishga ruxsat berilgan yo‘nalishlarni ko‘rsatadi.
34. Agar svetofor ishorasi piyoda tasviri ko‘rinishida bo‘lsa, u faqat piyodalarning harakatiga ta’sir ko‘rsatadi. Bunda yashil ishora piyodalarning harakatlanishiga ruxsat beradi, qizil ishora esa taqiqlaydi.
Ko‘zi ojiz piyodalarga qatnov qismini kesib o‘tishlari mumkinligini bildirish uchun svetoforning yorug‘lik ishoralariga tovushli ishora ham qo‘shilishi mumkin.
35. Qatnov qismidagi harakat yo‘nalishi qarama-qarshi tomonga o‘zgarishi mumkin bo‘lgan bo‘laklarida transport vositalarining harakatini tartibga solish uchun X-simon qizil ishorali va pastga yo‘nalgan yo‘naltirgich ko‘rinishidagi yashil ishorali reversiv svetoforlar qo‘llaniladi. Bu ishoralar qaysi bo‘lak ustiga o‘rnatilgan bo‘lsa, unda harakatlanishni taqiqlaydi yoki ruxsat beradi.
Ikki tomoni 1.9 chizig‘i bilan belgilangan bo‘lak ustiga o‘rnatilgan ishoralari o‘chirilgan reversiv svetofor shu bo‘lakka kirishni taqiqlaydi.
36. Tramvaylarning hamda maxsus ajratilgan bo‘lak bo‘ylab harakatlanayotgan yo‘nalishli transport vositalarining harakatlanishini tartibga solish uchun “T” — harfi ko‘rinishida joylashgan to‘rtta doirasimon oq rang ishorali svetoforlar qo‘llanilishi mumkin.
Yuqoridagi bir yoki bir nechta va pastki ishora bir vaqtning o‘zida yonganda, harakatlanishga ruxsat etiladi. Ulardan chapdagisi chapga, o‘ngdagisi o‘ng tomonga burilishga, o‘rtadagisi to‘g‘riga yurishga ruxsat beradi. Agar yuqoridagi uchta ishora bir vaqtda yonsa, harakatlanish taqiqlanadi.
37. Temir yo‘l kesishmalarida o‘rnatilgan doirasimon oq rangli miltillovchi ishora transport vositalarining kesishma orqali harakatlanishiga ruxsat beradi. Ko‘rinish chegarasida yaqinlashib kelayotgan poyezd (lokomotiv, drezina) bo‘lmasa, o‘chirilgan oq va qizil ishoralarda ham harakatlanishga ruxsat beriladi.
Temir yo‘l kesishmalarida svetoforning miltillovchi qizil ishorasi bilan bir vaqtda harakat qatnashchilarining kesishma orqali harakatlanishi taqiqlanganligi to‘g‘risida qo‘shimcha axborot sifatida, tovushli ishora ham berilishi mumkin.
38. Tartibga soluvchining ishoralari quyidagi ma’noni bildiradi:
qo‘llari yon tomonga uzatilganda yoki tushirilganda:
chap va o‘ng yon tomonidan tramvayga to‘g‘riga, relssiz transport vositalariga to‘g‘riga va o‘ngga harakatlanishga, piyodalarga qatnov qismini kesib o‘tishga ruxsat beriladi;
old va orqa tomonidan barcha transport vositalari va piyodalarning harakatlanishi taqiqlanadi;
o‘ng qo‘li oldinga uzatilganda:
chap yonidan tramvayga chapga, relssiz transport vositalariga barcha yo‘nalishlarda;
oldi tomonidan barcha transport vositalariga faqat o‘ngga harakatlanishga ruxsat beriladi;
orqa tomonidan va o‘ng yonidan barcha transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi;
piyodalarga tartibga soluvchining orqa tomonidan qatnov qismini kesib o‘tishga ruxsat etiladi;
qo‘lini yuqoriga ko‘targanda:
ushbu Qoidalarning 42-bandida ko‘rsatilganidan boshqa hollarda transport vositalari va piyodalarning barcha yo‘nalishlarda harakatlanishi taqiqlanadi;
tartibga soluvchi haydovchi va piyodalarga tushunarli bo‘lgan boshqa ishoralarni ham berishi mumkin. Ishoralar yaxshi ko‘rinishi uchun tartibga soluvchi jezl yoki yorug‘lik qaytaradigan qizil rangli moslamalarni qo‘llashi mumkin.
39. Harakatni tartibga soluvchi yoki IIO xodimi o‘z xizmat vazifalarini bajarayotganida haydovchidan transport vositasini qo‘l ishorasi yoki ovoz kuchaytirgich yordamida to‘xtatishni talab qilishi mumkin. Transport vositasining haydovchisi ko‘rsatilgan joyda to‘xtashi shart.
40. Yo‘l harakati qatnashchilarining e’tiborini jalb etish uchun hushtak bilan qo‘shimcha ishora beriladi.

Oldingi tahrirga qarang.

41. Svetoforning (reversivdan tashqari) yoki tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida haydovchilar transport vositalarini to‘xtash chizig‘i (5.33 yo‘l belgisi) oldida (bunda transport vositasining eng oldingi nuqtasi to‘xtash chizig‘i ustiga chiqib ketmasligi kerak), bunday chiziq bo‘lmaganda esa:
(41-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/292/2915-son)
chorrahaning qatnov qismi bilan kesishgan joyida, piyodalarga (ushbu Qoidalarning 102-bandini hisobga olgan holda) xalaqit bermasdan;
temir yo‘l kesishmasi oldida ushbu Qoidalarning 119-bandiga muvofiq;
boshqa joylarda svetofor yoki tartibga soluvchining oldida, harakatlanishiga ruxsat berilgan transport vositalari va piyodalarga xalaqit bermagan holda to‘xtashi kerak.
42. Sariq ishora yonganda yoki tartibga soluvchining qo‘li yuqoriga ko‘tarilganida, ushbu Qoidalarning 41-bandida nazarda tutilgan joylarda, keskin tormoz bermasdan to‘xtashga ulgura olmaydigan transport vositalarining haydovchilariga harakatni davom ettirishga ruxsat etiladi.
Ushbu ishoralar berilganda, qatnov qismida bo‘lgan piyodalar uni bo‘shatishlari, agar buning iloji bo‘lmasa, qarama-qarshi yo‘nalishlardagi transport oqimlarini ajratuvchi chiziqda to‘xtashlari kerak.
43. Tartibga soluvchining ishorasi va ko‘rsatmalari svetofor ishoralari, yo‘l belgilari va chiziqlari talablariga zid kelgan hollarda haydovchi va piyodalar tartibga soluvchining ishorasi va ko‘rsatmalariga amal qilishlari kerak.
Svetofor ishoralari imtiyoz belgilari talablariga zid kelgan hollarda haydovchilar svetofor ishoralariga amal qilishlari kerak.
VIII. Ogohlantiruvchi va avariya ishoralari, avariya sababli to‘xtash belgisining qo‘llanilishi
44. Quyidagilar ogohlantiruvchi ishoralar hisoblanadi:
burilishni ko‘rsatadigan miltillovchi chiroq yoki qo‘l bilan beriladigan ishoralar;
tovushli ishoralar;
chiroqlarning yoqib o‘chirilishi;
kunduz kuni yaqinni yorituvchi chiroqlarning yoqilishi.
45. Haydovchi harakatlanishni boshlashdan, qayta tizilishdan, burilish (qayrilib olish)dan va to‘xtashdan oldin tegishli yo‘nalishni ko‘rsatuvchi yorug‘lik ishoralarini yoqishi, ular bo‘lmaganda yoki ishlamaganda qo‘l bilan ishoralar berishi shart.
Chapga burilish (qayrilib olish)ni bildiruvchi ishoraga chap qo‘lni yonga uzatish yoki o‘ng qo‘lni tirsakdan to‘g‘ri burchak ostida bukib, yuqoriga ko‘tarish mos keladi.
O‘ngga burilish (qayrilib olish) ni bildiruvchi ishoraga o‘ng qo‘lni yonga uzatish yoki chap qo‘lni tirsakdan to‘g‘ri burchak ostida bukib, yuqoriga ko‘tarish mos keladi.
To‘xtash ishorasi chap yoki o‘ng qo‘lni yuqoriga ko‘tarib beriladi.
46. Burilish ko‘rsatgichi yoki qo‘l bilan berilayotgan ishora manyovrni bajarishdan oldinroq berilishi va uni tugallagach, darhol to‘xtatilishi kerak (qo‘l bilan berilayotgan ishorani manyovrni bevosita bajarishdan oldin tugallash mumkin).
Ishoralar boshqa yo‘l harakati qatnashchilarini chalg‘itmasligi kerak.
Ogohlantiruvchi ishora berish haydovchiga oldin o‘tish huquqini bermaydi va uni zaruriy ehtiyot choralarini ko‘rish mas’uliyatidan ozod etmaydi.
47. Haydovchi harakat yo‘nalishini o‘zgartirish haqidagi ogohlantiruvchi ishorani berishdan oldin orqadan kelayotgan, uni quvib o‘tishni boshlagan va boshqa harakat ishtirokchilariga xalaqit bermayotganligiga ishonch hosil qilishi kerak.
48. Tovushli ishoralar faqat quyidagi hollarda qo‘llanilishi mumkin:
aholi punktlaridan tashqarida boshqa haydovchilarni quvib o‘tish haqida ogohlantirish uchun;
zarur bo‘lgan hollarda yo‘l-transport hodisasining oldini olish uchun.
49. Quvib o‘tish haqida tovushli ishora o‘rniga yoki u bilan birga chiroqlarni yoqib-o‘chirib, ogohlantirish ishorasini ham berish mumkin.
50. Burilishni ko‘rsatuvchi barcha yorug‘lik ishoralarining bir vaqtda miltillashi avariya ishoralari hisoblanadi.
Avariya ishorasi quyidagi hollarda yoqilishi kerak:
yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda;
to‘xtash taqiqlangan joylarda majburiy to‘xtalganda;
chiroqlar yorug‘ligi haydovchining ko‘zini qamashtirganda;
shatakka olishda (shatakka olingan transport vositasida).
Transport vositasi xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan boshqa hollarda ham haydovchi yo‘l harakati qatnashchilarini ogohlantirish maqsadida avariya ishoralarini yoqishi kerak.
51. Transport vositasi to‘satdan to‘xtab qolganida zudlik bilan avariya yorug‘lik ishorasini yoqish, agar ishlamasa avariya to‘xtash belgisini (miltillovchi qizil chiroq) darhol o‘rnatish kerak. U quyidagi hollarda qo‘llaniladi:
yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda;
to‘xtash taqiqlangan joylarda yoki to‘xtagan joyidagi ko‘rinish transport vositasini boshqa haydovchilar tomonidan o‘z vaqtida payqab olishga to‘sqinlik qiladigan joylarda majburiy to‘xtab qolganda.
Bunday belgi (chiroq) haydovchilarni xavfli vaziyat haqida o‘z vaqtida ogohlantirish imkonini beradigan masofada o‘rnatilishi kerak. Bu masofa aholi yashash joylarida transport vositasidan 15 metr, aholi yashamaydigan joylarda esa 30 metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
52. Shatakka olingan transport vositasida avariya yorug‘lik ishoralari bo‘lmasa yoki ular ishlamasa uning orqa tomoniga avariya sababli to‘xtash belgisi o‘rnatilishi kerak.
IX. Harakatlanishni boshlash, yo‘nalishlarni o‘zgartirish
53. Haydovchi harakatlanishni boshlash, yo‘nalishni o‘zgartirish (qayta tizilish, burilish, qayrilib olish, quvib o‘tish va aylanib o‘tish) va to‘xtashdan oldin bajarilayotgan manyovr xavfsiz ekanligiga va boshqa harakat qatnashchilariga xalaqit bermasligiga ishonch hosil qilishi kerak.
54. Yondosh hududlardan yo‘lga chiqayotgan haydovchi unda harakatlanayotgan transport vositalari va piyodalarga, shuningdek yo‘ldan chiqishda harakat yo‘nalishini kesib o‘tayotgan piyodalar va velosipedchilarga yo‘l berishi kerak.
55. Haydovchi qayta tizilishda yon bo‘lakda yo‘nalishini o‘zgartirmasdan harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishi kerak.
Bir yo‘nalishda harakatlanayotgan transport vositalari bir vaqtda qayta tizilayotganlarida haydovchi o‘ng tomondagi transport vositasiga yo‘l berishi kerak.
56. Haydovchi, aylanma harakatlanish tashkil qilingan chorrahalarga kirish uchun burilishdan boshqa barcha hollarda, o‘ngga, chapga burilish yoki qayrilib olishdan oldin shu yo‘nalishda harakatlanishi mo‘ljallangan qatnov qismining eng chetki holatini egallashi shart.
Agar 5.8.1 yoki 5.8.2 yo‘l belgilari yoxud 1.18 yo‘l chizig‘i bilan boshqa harakatlanish tartibi o‘rnatilmagan bo‘lsa, qatnov qismining o‘rtasida u bilan bir sathda joylashgan bir yo‘nalishdagi tramvay izidan chapga burilish va qayrilib olishga ruxsat etiladi. Biroq bu tramvay harakatiga xalaqit bermasligi kerak.
57. Burilishni shunday amalga oshirish kerakki, bunda qatnov qismlarining kesishmasidan chiqayotgan transport vositasi qarama-qarshi yo‘nalishdagi harakat bo‘lagiga o‘tib ketmasligi kerak.
O‘ngga burilayotgan transport vositasi iloji boricha qatnov qismining o‘ng tomoniga yaqinroqda harakatlanishi kerak.
58. Transport vositasi o‘zining tashqi gabaritlari yoki boshqa sabablarga ko‘ra ushbu Qoidalarning 56-bandi talablariga muvofiq burilishni bajara olmasa, harakat xavfsizligini ta’minlab, boshqa transport vositalariga xalaqit bermasdan, talablardan chetga chiqishiga yo‘l qo‘yiladi.
59. Relssiz transport vositasining haydovchisi yo‘lning chorrahadan tashqari joyida chapga burilish yoki qayrilib olishda qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanayotgan transport vositalariga va bir yo‘nalishdagi tramvayga yo‘l berishi shart.
Chorrahadan tashqaridagi qatnov qismining kengligi chetki chap holatdan qayrilib olish uchun yetarli bo‘lmasa, ushbu manyovrni qatnov qismining o‘ng chetidan (yo‘lning o‘ng yoqasidan) amalga oshirish mumkin. Bu holda haydovchi bir yo‘nalishdagi va qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport vositalariga yo‘l berishi shart.
60. Transport vositalarining harakat yo‘nalishlari kesishadigan va o‘tish navbati Qoidalarda nazarda tutilmagan hollarda haydovchi o‘ng tomondan yaqinlashib kelayotgan transport vositasiga yo‘l berishi kerak.
61. Sekinlashish bo‘lagi bo‘lgan yo‘llarda burilmoqchi bo‘layotgan haydovchi o‘z vaqtida shu bo‘lakka o‘tishi va tezlikni faqat unda kamaytirishi kerak.
Yo‘lga chiqish joyida tezlashish bo‘lagi bo‘lsa, haydovchi unda harakatlanishi va qo‘shni bo‘lakda harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berib, transport oqimiga qo‘shilishi kerak.
62. Quyidagi joylarda qayrilib olish taqiqlanadi:
piyodalarning o‘tish joylarida;
tunnellarda;
ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlar, estakadalar va ularning ostida (tegishli yo‘l belgilari bilan bunday manyovrni bajarish ruxsat berilgan yo‘l qismlari bundan mustasno);
temir yo‘l kesishmalarida;
yo‘lning ko‘rinishi biror-bir yo‘nalishda 100 metrdan kam bo‘lgan joylarda.
63. Transport vositasini orqaga harakatlantirishda haydovchi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashi va boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga xalaqit bermasligi shart. Zarurat tug‘ilganda haydovchi boshqa shaxslarning yordamidan foydalanishi kerak.
Orqaga harakatlanish chorrahalarda va ushbu Qoidalarning 62-bandiga muvofiq qayrilib olish mumkin bo‘lmagan joylarda taqiqlanadi.
X. Yo‘lning qatnov qismida transport vositalarining joylashuvi
64. Relssiz transport vositalari harakatlanadigan bo‘laklar soni chiziqlar va (yoki) 5.8.15.8.25.8.75.8.8 yo‘l belgilari bilan belgilanadi. Bunday chiziqlar yoki yo‘l belgilari bo‘lmasa, haydovchilar harakatlanish bo‘laklari sonini, qatnov qismining kengligini, transport vositalari orasidagi zarur yonlama oraliq masofani va ularning gabarit o‘lchamlarini hisobga olgan holda o‘zlari aniqlaydilar. Bunda harakat ikki tomonlama bo‘lgan yo‘l qatnov qismining chap tomondagi yarmi, qatnov qismining joylardagi kengayishlari (sekinlashish va tezlashish bo‘laklari, balandlikka ko‘tarilishdagi qo‘shimcha bo‘laklar, yo‘nalishli transport vositalarining to‘xtash joylaridagi kengayishlar)ni hisobga olmagan holda, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan deb hisoblanadi.
65. To‘rt va undan ortiq bo‘lakli, harakat ikki tomonlama bo‘lgan yo‘llarda qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan bo‘laklarga chiqish taqiqlanadi.
66. Harakat ikki tomonlama bo‘lgan va chiziqlar bilan belgilangan (1.9 chizig‘i bilan belgilanganidan tashqari) uchta bo‘lakli yo‘llarda, ikki yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan o‘rta bo‘lakka faqat quvib o‘tish, aylanib o‘tish, chapga burilish va qayrilib olish uchungina chiqishga ruxsat etiladi. Qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan chetki chap bo‘lakni egallash taqiqlanadi.
67. Aholi punktlaridan tashqaridagi yo‘llarda hamda aholi punktlarida ayrim turdagi transport vositalari uchun ushbu Qoidalarda belgilangandan yuqori tezlikda harakatlanish ruxsat etilgan yo‘l qismlarida haydovchilar transport vositalarini mumkin qadar qatnov qismining o‘ng chetiga yaqinroq olib harakatlanishlari kerak. O‘ng bo‘laklar bo‘sh bo‘lganda chap bo‘laklarni egallash taqiqlanadi.
Aholi punktlarida ushbu bandning birinchi xatboshi va ushbu Qoidalarning 69123 va 161-bandlaridagi talablarni hisobga olgan holda, haydovchilar o‘zlariga qulay bo‘lgan harakatlanish bo‘lagidan foydalanishlari mumkin. Harakat serqatnovligi sababli boshqa bo‘laklar band bo‘lgan hollarda harakatlanish bo‘lagini faqat o‘ngga yoki chapga burilish, qayrilib olish, quvib o‘tish, to‘xtash yoki to‘siqni chetlab o‘tish oldidan o‘zgartirishga ruxsat etiladi.
Biroq bir yo‘nalishdagi uch va undan ortiq bo‘lakli har qanday yo‘lda chetki chap bo‘lakni harakat serqatnovligi sababli boshqa bo‘laklar band bo‘lgan hollarda, shuningdek quvib o‘tish, chapga burilish yoki qayrilib olish, ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillariga esa, faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun egallashga ruxsat etiladi.
Harakat bir tomonlama bo‘lgan yo‘lning chap bo‘lagida to‘xtash va to‘xtab turish ushbu Qoidalarning 88-bandiga muvofiq amalga oshiriladi.
Biror bo‘lakda qo‘shni bo‘lakdagi transport vositalariga nisbatan kattaroq tezlikda harakatlanish quvib o‘tish hisoblanmaydi.
68. Tezligini soatiga 40 kilometrdan oshirishi mumkin bo‘lmagan yoki texnik sabablarga ko‘ra tezligini bundan oshira olmaydigan transport vositalari aylanib o‘tish, quvib o‘tish, chapga burilish yoki qayrilib olish uchun qayta tizilishdan yoki ruxsat etilgan hollarda yo‘lning chap tomonida to‘xtashdan boshqa hollarda faqat chetki o‘ng bo‘lakda harakatlanishlari kerak.
69. Bir yo‘nalishdagi qatnov qismining chap tomonida u bilan bir sathda joylashgan tramvay izidan, shu yo‘nalishdagi boshqa bo‘laklar band bo‘lganda harakatlanishga, shuningdek aylanib va quvib o‘tishga, chapga burilish va qayrilib olishga ushbu Qoidalarning 56-bandini hisobga olgan holda ruxsat etiladi. Biroq bu tramvayga xalaqit bermasligi kerak. Qarama-qarshi yo‘nalishdagi tramvay izidan harakatlanish taqiqlanadi.
Agar chorrahadan oldin 5.8.1 yoki 5.8.2 yo‘l belgilari o‘rnatilgan bo‘lsa, chorrahadan o‘tishda tramvay izlaridan harakatlanish taqiqlanadi.
70. Agar qatnov qismi yo‘l chiziqlari bilan bo‘laklarga ajratilgan bo‘lsa, transport vositalarining harakatlanishi qat’iy ravishda belgilangan bo‘laklarda amalga oshirilishi kerak. Faqat qayta tizilishda uzuq-uzuq chiziqlarni bosib o‘tishga ruxsat etiladi.
71. Reversiv harakatlanishli yo‘lga burilishda transport vositalari qatnov qismlari kesishmasidan chiqishda chetki o‘ng bo‘lakni egallashi kerak. Shu yo‘nalishdagi boshqa bo‘laklarda ham harakatlanishga ruxsat berilganligiga ishonch hosil qilgandan keyingina haydovchiga qayta tizilishga ruxsat etiladi.
72. Ushbu Qoidalarning 88166-bandlarida ko‘zda tutilgandan boshqa hollarda transport vositalarining ajratuvchi bo‘lak, yo‘l yoqasi, trotuar va piyodalar yo‘lkalaridan harakatlanishi taqiqlanadi. Bu joylarda yo‘ldan foydalanish va kommunal xizmat mashinalarining harakatlanishiga, shuningdek bevosita yo‘l yoqasida, trotuar yoki piyodalar yo‘lkalari oldida joylashgan savdo shoxobchalari, korxonalar va boshqa inshootlarga yuk olib kirish uchun boshqa imkoniyati bo‘lmagan transport vositalariga yaqin yo‘ldan kirishga ruxsat etiladi. Bunda harakat xavfsizligi to‘la ta’minlangan bo‘lishi shart.
73. Haydovchi o‘zidan oldinda harakatlanayotgan transport vositasi keskin tormoz berganida to‘qnashib ketmaslik kafolatini beradigan darajadagi oraliq masofani, shuningdek yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlaydigan yonlama oraliq masofani saqlashi kerak.
74. Aholi yashash joylaridan tashqaridagi ikki tomonlama harakat tashkil etilgan ikki bo‘lakli yo‘llarda tezligini soatiga 50 kilometrdan oshirishi mumkin bo‘lmagan, shuningdek uzunligi 7 metrdan ortiq bo‘lgan transport vositalarining (transport vositalarining tarkibi) haydovchilari o‘zi va oldida harakatlanayotgan transport vositasi orasida, ularni quvib o‘tayotgan transport vositalari oldin egallagan bo‘lakka bemalol qayta tizilishi uchun imkon beradigan masofani saqlashlari kerak.
Quvib o‘tish taqiqlangan yo‘llarda, shuningdek transport vositalarining tashkiliy jamlanmasi tarkibida va serqatnov bo‘lgan yo‘llarda harakatlanayotganda ushbu talabga amal qilinmaydi.
75. Agar biror-bir to‘siq sababli qarama-qarshi yo‘nalishlarda harakatlanish qiyin bo‘lsa, to‘siq o‘z tomonida bo‘lgan haydovchi yo‘l berishi kerak.
76. Agar yo‘l belgilari va chiziqlari boshqa yo‘nalishni ko‘rsatmagan bo‘lsa, haydovchilar ajratuvchi bo‘lagi bo‘lmagan ikki tomonlama harakat tashkil etilgan yo‘llardagi xavfsizlik orolchalari, ustunchalar va yo‘l inshooti qismlari (ko‘prik, yo‘l o‘tkazgich ustunlari va shunga o‘xshashlar)ni o‘ng tomondan aylanib o‘tishlari kerak.
XI. Harakatlanish tezligi
77. Haydovchi harakatning serqatnovligini, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yo‘l va ob-havo sharoitini, shuningdek harakatlanish yo‘nalishidagi ko‘rinishni hisobga olgan holda transport vositasi tezligini belgilangandan oshirmasdan boshqarishi kerak.
Tezlik haydovchiga ushbu Qoidalar talablarini bajarish uchun transport vositasining harakatini doimiy nazorat qilib borish imkoniyatini berishi kerak.
Harakatlanish vaqtida haydovchi aniqlay olishi imkoniyatidagi xavf yuzaga kelsa, u transport vositasining tezligini u to‘la to‘xtashni ta’minlaydigan darajada kamaytirishi yoki to‘siqni boshqa harakat qatnashchilari uchun xavf tug‘dirmagan holda aylanib o‘tish choralarini ko‘rishi kerak.
78. Aholi punktlarida transport vositalarining tezligini soatiga 70 kilometrdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) esa soatiga 30 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari DYHXX bilan kelishilgan holda, yo‘l sharoitlari yuqori va kichik tezlikda xavfsiz harakatlanishni ta’minlaydigan hollarda yo‘llarning ayrim qismlari yoki harakatlanish bo‘laklarida ayrim transport vositalariga harakatlanish tezligini oshirishga va pasaytirishga (tegishli yo‘l belgilarini o‘rnatib) vakolatlidir.
(78-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/292/2915-son)
79. Aholi punktlaridan tashqarida:
yengil avtomobillarga va ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 100 kilometrdan oshirmasdan;
shaharlararo qatnaydigan avtobuslarga va mikroavtobuslarga tezlikni soatiga 90 kilometrdan oshirmasdan;
boshqa avtobuslar, tirkamali yengil avtomobillar, mototsikllar, ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 80 kilometrdan oshirmasdan;
tirkamali yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 70 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
80. Har qanday yo‘llarda:
yukxonasida odam tashiyotgan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan;
bolalar guruhini tashkiliy tashiyotgan transport vositalariga tezlikni soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan;
mexanik transport vositalarini shatakka olgan transport vositalariga tezlikni soatiga 50 kilometrdan oshirmasdan;
xavfli, og‘ir vaznli va katta o‘lchamli yuklarni tashiyotgan, tashkiliy jamlanmada harakatlanayotgan transport vositalariga DYHXX bilan kelishilgan tezlikdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
81. Haydovchilarga quyidagilar taqiqlanadi:
tezlikni mazkur transport vositasining texnik tavsifnomasida ko‘rsatilgan eng yuqori tezlikdan oshirish;
tezlikni transport vositasiga o‘rnatilgan “Tezlik cheklangan” taniqlik belgisida ko‘rsatilganidan oshirish;
zaruriyat bo‘lmaganda juda past tezlikda harakatlanib, boshqa transport vositalariga xalaqit berish;
yo‘l-transport hodisasining oldini olish zaruriyati bo‘lmaganda keskin tormoz berish.
XII. Quvib o‘tish
82. Haydovchi quvib o‘tishni boshlashdan oldin:
o‘zi o‘tmoqchi bo‘lgan harakatlanish bo‘lagi quvib o‘tish uchun yetarlicha masofada bo‘sh ekanligiga, quvib o‘tish jarayonida harakatlanishga xavf tug‘dirmasligiga va boshqa harakat qatnashchilariga xalaqit bermasligiga;
shu bo‘lakda orqada harakatlanayotgan transport vositasi quvib o‘tishni boshlamaganligiga;
oldinda harakatlanayotgan transport vositasi quvib o‘tish, chapga burilish (qayta tizilish) ishorasini bermayotganligiga;
quvib o‘tishni tugallayotganda quvib o‘tilayotgan transport vositasiga xalaqit bermasdan ilgari egallagan bo‘lakka qaytib o‘ta olishiga ishonch hosil qilishi shart.
83. Relssiz transport vositalarini faqat chap tomondan quvib o‘tishga ruxsat beriladi. Biroq chapga burilish ishorasini berib, burilishga kirishgan transport vositasini quvib o‘tish o‘ng tomondan amalga oshiriladi.
84. Quvib o‘tilayotgan transport vositasining haydovchisiga harakat tezligini oshirish yoki boshqa xatti-harakatlar bilan quvib o‘tishga to‘sqinlik qilish taqiqlanadi.
85. Quvib o‘tishni tugallagandan so‘ng haydovchi ilgari egallagan harakatlanish bo‘lagiga qaytishi shart (o‘ng tomondan ruxsat etilgan quvib o‘tishdan tashqari).
Biroq ushbu yo‘nalishda harakatlanish uchun ikki yoki undan ortiq bo‘lak bo‘lsa, ushbu Qoidalarning 67-bandini hisobga olgan holda, quvib o‘tayotgan haydovchi o‘zi egallagan bo‘lakka qaytgani zahoti keyingi quvib o‘tishni boshlashiga to‘g‘ri keladigan hollarda, agar u orqada o‘zidan katta tezlikda harakatlanayotgan transport vositalariga xalaqit bermasa, egallagan bo‘lagida harakatlanishni davom ettirishi mumkin.
86. Quvib o‘tish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
tartibga solingan chorrahalarda qarama-qarshi harakatlanish bo‘lagiga chiqib;
tartibga solinmaydigan chorrahalarda asosiy hisoblanmaydigan yo‘llarda harakatlanishda (aylanma harakatlanishli chorrahalarda quvib o‘tish, kajavasiz ikki g‘ildirakli transport vositalarini quvib o‘tish va ruxsat etilgan hollarda o‘ng tomondan quvib o‘tish bundan mustasno);
piyodalar o‘tish joylarida piyodalar bo‘lganda;
temir yo‘l kesishmalarida va ulargacha 100 metrdan kam masofa qolganda;
quvib yoki aylanib o‘tayotgan transport vositalarini;
tepalikning oxirida va yo‘lning ko‘rinishi cheklangan joylarida qarama-qarshi harakatlanish yo‘nalishiga chiqib;
3.20 va 3.22 yo‘l belgilari ta’siri doirasida.
87. Aholi punktlaridan tashqaridagi yo‘llarda sekin harakatlanadigan yoki katta hajmli transport vositasini quvib o‘tish qiyin bo‘lgan hollarda uning haydovchisi ushbu transport vositasini iloji boricha yo‘lning o‘ng tomoniga olishi, zarur bo‘lganda esa orqasida to‘planib qolgan transport vositalarini o‘tkazib yuborish uchun to‘xtashi kerak.
XIII. To‘xtash va to‘xtab turish
88. Transport vositalariga yo‘lning o‘ng tomoni yoqasida, u bo‘lmaganda esa qatnov qismining chetida va ushbu Qoidalarning 89-bandida ko‘rsatilgan hollarda trotuarda to‘xtash va to‘xtab turishga ruxsat etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.

Aholi punktlaridagi ikkita harakat bo‘lagi bo‘lgan va o‘rtada tramvay izi bo‘lmagan bir tomonlama harakat tashkil etilgan yo‘llarda to‘xtash va to‘xtab turishga ruxsat etiladi.
(88-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/292/2915-son)
Ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan ko‘p bo‘lgan yuk avtomobillari bir tomonlama harakatli yo‘llarning chap tomonida faqat yuk ortish va tushirish uchun to‘xtashlari mumkin.

Oldingi tahrirga qarang.

89. Transport vositalarini yo‘lning qatnov qismida bir qator qilib, qatnov qismi chetiga parallel ravishda kajavasi bo‘lmagan ikki g‘ildirakli transport vositalarini ikki qator qilib qo‘yishga ruxsat etiladi.
(89-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/292/2915-son)
Qatnov qismining ayrim kengaytirilgan joylarida boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga xalaqit bermaslik sharti bilan transport vositalarini boshqacha tartibda qo‘yishga ham ruxsat etiladi.
Qatnov qismiga chegaradosh trotuar chetida faqat yengil avtomobillar, mototsikllar, mopedlar va velosipedlarga to‘xtab turishga 5.15 yo‘l belgisi bilan birga 7.6.27.6.37.6.6 — 7.6.9 qo‘shimcha axborot belgilaridan biri o‘rnatilgan joylarda ruxsat etiladi.
90. Aholi punktlaridan tashqarida tunab qolish, dam olish yoki boshqa maqsadlarda uzoq vaqt to‘xtab turishga faqat buning uchun ko‘zda tutilgan maydonchalarda yoki yo‘ldan tashqarida ruxsat etiladi.
91. Quyidagi joy va holatlarda to‘xtash taqiqlanadi:
tramvay yo‘llarida, shuningdek bevosita ularga yaqinroqda tramvaylar harakatlanishiga xalaqit beradigan bo‘lsa;
tunnellarda, temir yo‘l kesishmalarida;
bir yo‘nalishda harakatlanish uchun uchtadan kam bo‘lagi bo‘lgan ko‘prik, yo‘l o‘tkazgich va estakada hamda ularning ostida (tegishli yo‘l belgilari bilan to‘xtab turish ruxsat berilgan yo‘l qismlari bundan mustasno);
to‘xtagan transport vositasi bilan sidirg‘a chiziq (qatnov qismining chetini belgilovchi chiziqdan tashqari), ajratuvchi bo‘lak yoki qatnov qismining qarama-qarshi cheti orasidagi masofa 3 metrdan kam bo‘lgan joylarda;
piyodalar o‘tish joylarida va ulardan oldin 5 metrdan kam masofa qolganda;
qatnov qismining xavfli burilishlarida;
loaqal bir yo‘nalishdagi ko‘rinish masofasi 100 metrdan kam bo‘lgan yo‘l do‘ngliklari yaqinida;
qatnov qismi kesishmalarida va kesishayotgan qatnov qismi chetiga 5 metrdan kam masofa qolganda (uch tomonlama kesishmalarda (chorrahalarda) yondan tutashgan yo‘lning sidirg‘a chiziq yoki ajratuvchi bo‘lak bilan ajratilgan qarama-qarshi tomoni bundan mustasno);
bekat maydonchalarida, yo‘nalishli transport vositalari to‘xtash joylarida, jumladan, 1.17 chizig‘i bilan belgilangan, ular bo‘lmaganda esa yo‘nalishli transport vositalari to‘xtash joyi belgilari va bekatdan harakatlanish yo‘nalishi bo‘ylab (etmasdan va o‘tib ketib) 15 metrdan kam masofada. (yo‘nalishli transport vositalari harakatiga xalaqit bermasa yo‘lovchilarni chiqarish yoki tushirish uchun to‘xtash bundan mustasno);
transport vositasi svetofor ishoralari, yo‘l belgilarini boshqa haydovchilardan to‘sib qo‘yadigan, boshqa transport vositalarining harakatlanishiga (kirish va chiqishiga) imkon qoldirmaydigan yoki piyodalarning harakatiga xalaqit beradigan joylarda;
3.27 yo‘l belgisi yoki 1.4 yo‘l chizig‘i ta’siri doirasida.
Oldingi tahrirga qarang.

5.15 va 7.17 yo‘l belgilari yoki 1.24 yo‘l chizig‘ining birgalikdagi ta’siri doirasida, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan boshqariladigan transport vositalari bundan mustasno.
(91-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 321-sonli qaroriga asosan o‘n uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 09/18/321/1154-son)
92.To‘xtab turish taqiqlanadi:
to‘xtash taqiqlangan joylarda;
aholi yashash joylaridan tashqarida 2.1 yo‘l belgisi bilan belgilangan yo‘llarning qatnov qismida;
temir yo‘l kesishmalariga 50 metrdan kam masofada;
3.27 — 3.30 yo‘l belgilari yoki 1.41.10 yo‘l chiziqlari ta’siri doirasida.
Oldingi tahrirga qarang.

5.15 va 7.17 yo‘l belgilari yoki 1.24 yo‘l chizig‘ining birgalikdagi ta’siri doirasida, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan boshqariladigan transport vositalari bundan mustasno.
(92-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 321-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 09/18/321/1154-son)
93.To‘xtash taqiqlangan joylarda majburiy to‘xtagan haydovchi transport vositasini bu joydan olib ketishning barcha choralarini ko‘rishi kerak.
94. Agar boshqa yo‘l harakati qatnashchilarining harakatiga xalaqit beradigan bo‘lsa yoki xavf tug‘dirsa, transport vositasining eshiklarini ochish taqiqlanadi.
95. Transport vositasining o‘z-o‘zidan harakatlanib ketishini yoki o‘zi yo‘qligida undan foydalanishni istisno qiladigan zarur ehtiyot choralarini ko‘rgandan keyingina haydovchi o‘z joyini tashlab ketishi yoki transport vositasini qoldirishi mumkin.
XIV. Chorrahada harakatlanish
96. Chapga yoki o‘ngga burilayotgan haydovchi kesishayotgan yo‘lning qatnov qismidan o‘tayotgan piyoda(lar)ga, shuningdek velosiped yo‘lkasidan yo‘lni kesib o‘tayotgan velosipedchi(lar)ga yo‘l berishi kerak.
97. Haydovchi tirbandlik tufayli majburiy to‘xtab, ko‘ndalang yo‘nalishdagi transport vositalarining harakatlanishiga to‘sqinlik tug‘diradigan bo‘lsa, chorraha yoki qatnov qismlari kesishmasiga kirishi taqiqlanadi.
98. Harakatlanish navbati svetofor yoki tartibga soluvchining ishoralari orqali aniqlanib boshqarilayotgan chorraha — tartibga solingan chorraha hisoblanadi.
Miltillovchi sariq ishora yonib-o‘chayotgan, svetoforlar ishlamayotgan yoki tartibga soluvchi bo‘lmagan chorraha — tartibga solinmagan chorraha hisoblanadi. Haydovchilar tartibga solinmagan chorrahalardan o‘tish qoidalariga hamda chorrahada o‘rnatilgan imtiyoz belgilariga amal qilishlari shart.
Oldingi tahrirga qarang.

Aylanma harakatlanish chorrahasida harakatlanayotgan transport vositalari aylanaga kirib kelayotgan transport vositalariga nisbatan ustunlikka (imtiyozga) ega.
(98-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/292/2915-son)
XV. Tartibga solingan chorrahalar
99. Svetoforning yashil ishorasida chapga burilayotgan yoki qayrilib olayotgan relssiz transport vositasining haydovchisi qarama-qarshi tomondan to‘g‘riga harakatlanayotgan va o‘ngga burilayotgan transport vositalariga yo‘l berishi shart. Tramvay haydovchilari ham o‘zaro ushbu qoidalarga amal qilishlari kerak.
100. Svetoforning qizil yoki sariq ishorasi bilan bir vaqtda yongan qo‘shimcha tarmoqning yo‘naltirgichli yashil ishorasi yo‘nalishida harakatlanayotgan transport vositasining haydovchisi boshqa yo‘nalishlarda harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishi kerak.
101. Agar svetofor yoki tartibga soluvchining ishoralari tramvay va relssiz transport vositalariga bir vaqtda harakatlanishga ruxsat bersa, harakatlanish yo‘nalishidan qat’i nazar, tramvay oldin o‘tish huquqiga ega bo‘ladi.
Svetoforning qizil yoki sariq ishorasi bilan bir vaqtda yongan qo‘shimcha tarmog‘ining yo‘naltirgichli yashil ishorasi yo‘nalishida harakatlanayotgan tramvay boshqa yo‘nalishlarda harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishi kerak.
102. Svetoforning ruxsat etuvchi ishorasida chorrahaga kirgan haydovchi, undan chiqishdagi svetofor ishorasidan qat’i nazar, belgilangan yo‘nalishda harakatini davom ettirishi kerak. Biroq chorrahada haydovchining harakatlanayotgan yo‘lida joylashgan svetoforlar oldida to‘xtash chiziqlari (yoki 5.33 yo‘l belgisi) bo‘lsa, u har bir svetofor ishorasiga amal qilishi shart.
103. Svetoforning ruxsat etuvchi ishorasi yonganda haydovchi chorraha orqali harakatlanishni tugallayotgan transport vositalari va qatnov qismidan tegishli yo‘nalishda o‘tishni tugallayotgan piyoda(lar)ga yo‘l berishi shart.
XVI. Tartibga solinmagan chorrahalar
104. Teng ahamiyatga ega bo‘lmagan yo‘llar kesishgan chorrahada, ikkinchi darajali yo‘lda harakatlanayotgan transport vositasining haydovchisi asosiy yo‘ldan yaqinlashayotgan transport vositalariga, ularning keyingi harakat yo‘nalishidan qat’i nazar, yo‘l berishi kerak.
Bunday chorrahalarda tramvay harakatlanish yo‘nalishidan qat’i nazar, teng ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘lda bir yo‘nalishda yoki qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan relssiz transport vositalariga nisbatan imtiyozga ega.
105. Teng ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llar kesishgan chorrahada relssiz transport vositasining haydovchisi o‘ngdan kelayotgan transport vositalariga yo‘l berishi shart. Bu qoidaga tramvay haydovchilari ham o‘zaro amal qilishlari kerak. Bunday chorrahalarda, keyingi harakat yo‘nalishidan qat’i nazar, tramvay relssiz transport vositalariga nisbatan oldin o‘tish huquqiga ega bo‘ladi.
106. Asosiy yo‘lning yo‘nalishi chorrahada o‘zgarganda asosiy yo‘lda harakatlanayotgan haydovchilar o‘zaro teng ahamiyatli yo‘llar chorrahasidan o‘tish qoidasiga amal qilishlari kerak.
Ikkinchi darajali yo‘llarda harakatlanayotgan haydovchilar ham o‘zaro shu qoidaga amal qilishlari kerak.
107. Chapga burilishda yoki qayrilib olishda relssiz transport vositasining haydovchisi teng ahamiyatli yo‘ldan qarama-qarshi yo‘nalishdan to‘g‘riga yoki o‘ngga harakatlanayotgan, shuningdek ruxsat etilgan hollarda quvib o‘tayotgan transport vositalariga yo‘l berishi shart. Bu qoidaga tramvay haydovchilari ham o‘zaro amal qilishlari kerak.
108. Agar haydovchi o‘zi harakatlanayotgan yo‘lning qoplamasi bor-yo‘qligini aniqlay olmasa (qorong‘i vaqt, loy, qor va h.k.) va imtiyoz belgilari bo‘lmasa, unda u o‘zini ikkinchi darajali yo‘lda deb hisoblashi kerak.
XVII. Piyodalarning o‘tish joylari va yo‘nalishli transport vositalarining bekatlari
109. Tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashayotgan transport vositasining haydovchisi qatnov qismini kesib o‘tayotgan piyoda(lar)ni o‘tkazib yuborish uchun tezligini kamaytirishi yoki to‘xtashi shart.
110. Agar tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyi oldida transport vositasi harakatini sekinlashtirsa yoki to‘xtasa, qo‘shni bo‘laklarda harakatlanayotgan boshqa haydovchilar bu transport vositasi oldida piyoda(lar) yo‘qligiga ishonch hosil qilganlaridan so‘nggina harakatlanishni davom ettirishlari mumkin.
111. Tartibga solingan piyodalar o‘tish joylarida haydovchilar svetoforning ruxsat etuvchi ishorasi yongan taqdirda ham piyoda(lar)ga qatnov qismini shu yo‘nalishda kesib o‘tishni tugallashiga imkon berishlari kerak.
112. Piyodalar o‘tish joylaridan keyin paydo bo‘lgan tirbandlik tufayli haydovchi piyodalar o‘tish joyida to‘xtashga majbur bo‘ladigan bo‘lsa, piyodalar o‘tish joyiga kirish taqiqlanadi.
113. Barcha hollarda, shu jumladan, piyodalar o‘tish joylaridan tashqarida ham haydovchi oq hassa bilan ishora berayotgan ko‘zi ojiz piyoda(lar)ni o‘tkazib yuborishi kerak.
114. Agar yo‘lovchilarni tushirish yoki chiqarish qatnov qismida yoki unda joylashgan maydonchada amalga oshirilayotgan bo‘lsa, haydovchi bekatda to‘xtagan yo‘nalishli transport vositasi eshiklari tomon borayotgan yoki undan kelayotgan piyoda(lar)ga yo‘l berishi kerak.
115. “Bolalar guruhini tashish” taniqlik belgisi o‘rnatilgan transport vositasi to‘xtaganda unga yaqinlashayotgan haydovchi harakat tezligini kamaytirishi, zarur bo‘lsa, to‘xtashi va bolalar guruhini o‘tkazib yuborishi kerak.
XVIII. Temir yo‘l kesishmalari orqali harakatlanish
116. Transport vositalarining haydovchilari temir yo‘llarni faqat temir yo‘l kesishmalari orqali poyezd (lokomotiv, drezina) larga yo‘l berib kesib o‘tishlari mumkin.
117. Temir yo‘l kesishmasiga yaqinlashib kelayotgan haydovchi yo‘l belgilari va chiziqlariga, svetofor ishoralariga, shlagbaum holatiga, kesishma navbatchisining ko‘rsatmalariga amal qilishi, yaqinlashib kelayotgan poyezd (lokomotiv, drezina) yo‘qligiga ishonch hosil qilishi shart.
118. Temir yo‘l kesishmasiga quyidagi hollarda kirish taqiqlanadi:
svetofor ishorasidan qat’i nazar, shlagbaum yopiq turgan yoki yopila boshlagan holatda, kesishmani to‘suvchi qurilma ko‘tarilib turgan yoki ko‘tarila boshlagan holatda;
shlagbaum holatidan qat’i nazar, svetoforning taqiqlovchi ishorasida;
kesishma navbatchisining taqiqlovchi ishorasida (navbatchi haydovchilarga oldi yoki orqasi bilan turib tayoqchani, qizil chiroq yoki bayroqchani yuqoriga ko‘tarib tursa yoki qo‘llarini yonga uzatsa);
kesishmadan keyin hosil bo‘lgan tirbandlik tufayli haydovchi kesishmada to‘xtashga majbur bo‘ladigan hollarda;
agar ko‘rinish chegarasidagi masofada kesishmaga poyezd (lokomotiv, drezina) yaqinlashib kelayotgan bo‘lsa.
Bundan tashqari taqiqlanadi:
kesishma oldida turgan transport vositalarini qarama-qarshi harakatlanish bo‘lagiga chiqib aylanib o‘tish;
shlagbaumni o‘zboshimchalik bilan ochish;
kesishma orqali qishloq xo‘jaligi, yo‘l qurilishi, qurilish va boshqa mashina hamda mexanizmlarni olib o‘tish;
temir yo‘l distansiyasi boshlig‘ining ruxsatisiz tezligi soatiga 8 kilometrdan kam bo‘lgan transport vositalarini harakatlanishi.
119. Kesishma orqali harakatlanish taqiqlangan hollarda haydovchi to‘xtash chizig‘i, 2.5 yo‘l belgisi yoki svetofor oldida, ular bo‘lmaganda shlagbaumga kamida 5 metr, shlagbaum bo‘lmaganda esa birinchi temir yo‘l iziga kamida 10 metr qolganda to‘xtashi kerak.
120. Temir yo‘l kesishmasida majburan to‘xtab qolgan transport vositasining haydovchisi darhol odamlarni tushirish va kesishmani bo‘shatish choralarini ko‘rishi.
Shu bilan bir vaqtda haydovchi:
imkoniyati bo‘lganda, yaqinlashib kelayotgan poyezd mashinistiga to‘xtash ishorasini berish qoidasini tushuntirib, ikki kishini temir yo‘l yoqasi bo‘ylab ikkala tomonga 1000 metr masofaga (agar bir kishi bo‘lsa — uni yo‘l yaxshi ko‘rinmaydigan tomonga) yuborishi;
transport vositasi yonida qolishi va umumiy xatar ishorasini berishi;
poyezd ko‘ringanda to‘xtash ishorasini berib, u kelayotgan tomonga yugurishi kerak.
To‘xtash ishorasi qo‘lni (kunduzi yorqin mato parchasi yoki aniq ko‘rinadigan biror narsa bilan, tunda esa mash’ala yoki chiroq bilan) gir aylantirish orqali beriladi.
Umumiy xatar ishorasi bo‘lib, berilgan bitta uzun va uchta qisqa tovush seriyasi xizmat qiladi.
XIX. Avtomagistrallarda harakatlanish
121. Avtomagistrallarda quyidagilar taqiqlanadi:
piyodalar, uy hayvonlari, ot-aravalar, velosipedlar, mopedlar, traktorlar va o‘zi yurar avtomobillar, texnik tavsifnomasiga yoki holatiga ko‘ra tezligi soatiga 40 kilometrdan kam bo‘lgan transport vositalarining harakatlanishi;
ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillariga birinchi va ikkinchi bo‘laklardan boshqa bo‘laklarda harakatlanish;
5.15 yoki 6.11 yo‘l belgilari bilan belgilangan maxsus to‘xtab turish maydonchalaridan boshqa joylarda to‘xtash;
ajratuvchi bo‘lakning texnologik uzilish joylariga kirish va qayrilib olish;
orqaga harakatlanish;
transport vositasini o‘rganish uchun boshqarish.
122. Haydovchi qatnov qismida majburiy to‘xtaganda, transport vositasini ushbu Qoidalarning VIII-bobi talablariga muvofiq belgilashi va bunday holatlar uchun mo‘ljallangan bo‘lakka (qatnov qismining chetini bildiruvchi chiziqdan o‘ng tomonga) olib chiqishning barcha choralarini ko‘rishi kerak.
XX. Turar joy dahalarida harakatlanish
123. Turar joy dahalari (kirish va chiqish 5.38 va 5.39 yo‘l belgilari bilan belgilangan hududlar)da piyodalarga trotuarlar hamda qatnov qismida harakatlanishga ruxsat etiladi. Bunda piyodalar imtiyozga ega bo‘ladilar, biroq ular transport vositalarining harakatlanishiga asossiz xalaqit bermasliklari kerak.
124. Turar joy dahalarida quyidagilar taqiqlanadi:
mexanik transport vositalarini boshqarishni o‘rgatish;
dvigateli ishlab turgan holda to‘xtab turish;
ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarining maxsus ajratilgan, yo‘l belgilari va (yoki) yo‘l chiziqlari bilan belgilangan joylardan tashqarida to‘xtab turishi.
125. Turar joy dahalarida haydovchilar piyodalar xavfsizligini, shuningdek ushbu hududdagi inshoot, qurilma va o‘simliklarning shikastlanmasligini ta’minlashi zarur.
126. Turar joy dahalaridan chiqishda haydovchilar boshqa harakat qatnashchilariga yo‘l berishlari kerak.
127. Ushbu bo‘lim talablari hovli hududlariga (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasiga) ham tegishlidir.
XXI. Tik nishablik va balandliklarda harakatlanish
128. Yo‘lning 1.13 va 1.14 yo‘l belgilari bilan belgilangan qiyaliklarida, qarama-qarshi yo‘nalishlarda harakatlanishni qiyinlashtiradigan biron-bir to‘siq bo‘lsa, nishablikka harakatlanayotgan transport vositasining haydovchisi yo‘l berishi kerak.
129. Tik nishablikda, dovonda va 1.13 yo‘l belgisi o‘rnatilgan yo‘lda to‘xtatish tizimi ishlamay qolgan transport vositalari o‘z harakatini to‘xtatish uchun 5.40 yo‘l belgisi bilan belgilangan avariyali holatlar uchun mo‘ljallangan yo‘lga kirishlari shart.
130. Yo‘lning 1.13 yo‘l belgisi bilan belgilangan qismida uzatma va ishlash (ssepleniye) tishlashish mexanizmi ajratilgan holatda harakatlanish taqiqlanadi.
XXII. Yo‘nalishli transport vositalarining imtiyozlari
131. Tramvay yo‘li chorrahadan tashqarida qatnov qismini kesib o‘tadigan bo‘lsa, tramvay relssiz transport vositalariga nisbatan imtiyozga ega bo‘ladi (depodan chiqish joylaridan tashqari).
132. Yo‘nalishli transport vositalarining harakatlanishi uchun 5.95.10.1 — 5.10.3 yo‘l belgilari bilan ajratilgan bo‘lakda boshqa transport vositalarining harakatlanishi va to‘xtashi taqiqlanadi.
Agar 5.9 yo‘l belgisi bilan belgilangan bo‘lak qatnov qismining boshqa bo‘laklaridan uzuq-uzuq chiziq bilan ajratilgan bo‘lsa, burilmoqchi bo‘layotgan transport vositalari bu bo‘lakka qayta tizilishlari kerak.
Shuningdek, bunday joylarda yo‘nalishli transport vositalarining harakatiga xalaqit bermaslik sharti bilan yo‘lga chiqish, qatnov qismining chetki o‘ng tomonida yo‘lovchilarni chiqarish va tushirish uchun bu bo‘lakka o‘tishga ruxsat etiladi.
133. Haydovchilar aholi yashash joylarida bekatdan harakatlanishni boshlayotgan avtobus va trolleybuslarga yo‘l berishlari kerak. O‘z navbatida avtobus va trolleybus haydovchilari o‘zlariga yo‘l berilganligiga ishonch hosil qilganliklaridan keyingina harakatlanishni boshlashlari mumkin.
XXIII. Tashqi yoritish asboblaridan foydalanish
134. Qorong‘i vaqtda va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda, shuningdek yo‘lning yoritilganligidan qat’i nazar, tunnellarda harakatlanayotgan transport vositalarida quyidagi yoritish asboblari yoqilgan bo‘lishi kerak:
barcha mexanik transport vositalari va mopedlarda — uzoqni yoki yaqinni yorituvchi chiroqlar;
velosipedlarda — chiroqlar;
tirkamalarda va shatakka olingan mexanik transport vositalarida gabarit chiroqlari.
135. Quyidagi hollarda uzoqni yorituvchi chiroqlar o‘rniga yaqinni yorituvchi chiroqlar yoqilishi kerak:
aholi yashash joylarida yo‘l yoritilgan bo‘lsa;
qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport vositasiga kamida 150 metr masofa qolganda, shuningdek haydovchi transport vositasining chiroqlarini vaqt-vaqti bilan o‘chirib bunga zaruriyat borligini bildirgan hollarda undan ham ko‘proq masofada;
qarama-qarshi va bir yo‘nalishdagi transport vositalari haydovchilarining ko‘zini qamashtirishi mumkin bo‘lgan boshqa barcha holatlarda.
Ko‘zi qamashgan haydovchi avariya ishoralarini yoqishi, harakatlanish bo‘lagini o‘zgartirmasdan tezlikni kamaytirishi va to‘xtashi kerak.
136. Qorong‘i vaqtda yo‘lning yoritilmagan qismida, shuningdek yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda to‘xtagan yoki to‘xtab turgan transport vositasida gabarit chiroqlari yoqilgan bo‘lishi kerak. Etarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda gabarit chiroqlariga qo‘shimcha ravishda yaqinni yorituvchi chiroqlar, tumanga qarshi chiroqlar va tumanga qarshi orqa chiroqlar yoqilishi mumkin.
137. Quyidagi hollarda tumanga qarshi chiroqlarni qo‘llash mumkin:
yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda alohida, shuningdek uzoqni yorituvchi yoki yaqinni yorituvchi chiroqlar bilan;
qorong‘i vaqtda yo‘lning yoritilmagan qismlarida uzoqni yoki yaqinni yorituvchi chiroqlar bilan birga;
ushbu Qoidalarning 138-bandida ko‘zda tutilgan holatlarda yaqinni yorituvchi chiroqlar o‘rniga.
Oldingi tahrirga qarang.

138. Kunning yorug‘ vaqtida quyidagi hollarda yaqinni yorituvchi chiroqlar yoqilishi kerak:
transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda;
yo‘lovchilarni tashiyotgan avtobus va yo‘nalishli transport vositalarida;
bolalar guruhini tashkiliy tashishda;
xavfli, katta o‘lchamli va og‘ir vaznli yuklarni tashishda;
mexanik transport vositalarini shatakka olishda (shatakka olib ketayotgan transport vositasida);
mototsikl va mopedlarda.
(138-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-dekabrdagi 796-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.12.2020-y., 09/20/796/1639-son)
139. Projektor chiroq va izlovchi chiroqlardan faqat aholi yashash joylaridan tashqarida, qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan transport vositalari bo‘lmaganda foydalanish mumkin.
Aholi punktlarida esa bunday chiroqlardan foydalanishga faqat xizmat vazifalarini bajarayotgan, belgilangan tartibda yalt-yalt etuvchi ko‘k yoki ko‘k va qizil, shuningdek sariq yoki zarg‘aldoq rangli chiroq-mayoqcha va maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlangan transport vositalarining haydovchilariga ruxsat etiladi.
140. Tumanga qarshi orqa chiroqlarni faqat yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda qo‘llash mumkin. Tumanga qarshi orqa chiroqlarni to‘xtash chiroqlari(stop-signal)ga ulash taqiqlanadi.
141. “Avtopoyezd” taniqlik belgisi avtopoyezd harakatlanayotganda, kunning qorong‘i vaqtida, yo‘lda to‘xtash va to‘xtab turish paytida ham yoqib qo‘yilishi kerak.
XXIV. Mexanik transport vositalarini shatakka olish
142. Qattiq yoki egiluvchan ulagich yordamida shatakka olish shatakka olingan transport vositasining rul boshqaruvida haydovchi bo‘lgandagina amalga oshirilishi kerak, to‘g‘ri chiziq bo‘ylab harakatlanganda qattiq ulagichning konstruksiyasi shatakka olingan transport vositasini shatakka olgan transport vositasining izidan borishini ta’minlaydigan hollar bundan mustasno.
143. Qattiq yoki egiluvchan ulagich yordamida shatakka olingan avtobusda, trolleybusda va yuk avtomobili yukxonasida odam tashish, qisman ortish yo‘li bilan shatakka olishda esa shatakka olingan transport vositasining kabinasida va yukxonasida, shuningdek shatakka olgan transport vositasining yukxonasida odamlar bo‘lishi taqiqlanadi.
144. Egiluvchan ulagich bilan shatakka olishda shatakka olgan va shatakka olingan transport vositalari o‘rtasidagi masofa 4 — 6 metr oralig‘ida bo‘lishi, qattiq ulagich yordamida shatakka olishda esa 4 metrdan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Egiluvchan ulagich ushbu Qoidalarning 177-bandi talablariga muvofiq belgilanishi kerak.
145. Shatakka olish quyidagi holatlarda taqiqlanadi:
rul boshqaruvi ishlamayotgan transport vositalarini (qisman ortish yo‘li bilan shatakka olish bundan mustasno);
ikki va undan ko‘p transport vositalarini;
shatakka olingan va shatakka olgan transport vositalarining ulagich bilan birga umumiy uzunligi 24 metrdan ortiq bo‘lsa;
tormoz tizimi ishlamayotgan transport vositasining haqiqiy vazni shatakka olgan transport vositasining haqiqiy vaznining yarmidan ortiq bo‘lsa (haqiqiy vazni kam bo‘lgan bunday transport vositasini faqat qattiq ulagich yordamida yoki qisman ortish usuli bilan shatakka olishga yo‘l qo‘yiladi);
kajavasiz mototsikllar bilan, shuningdek bunday mototsikllarni;
yo‘l yaxmalak, sirpanchiq bo‘lgan hollarda egiluvchan ulagichda.
XXV. Transport vositalarini boshqarishni o‘rgatish
146. Transport vositalarini boshqarishni dastlabki o‘rgatish yopiq maydonchalarda yoki avtodromlarda o‘tkazilishi kerak.
147. Yo‘llarda boshqarishni o‘rgatish faqat avtomototransport vositasini yoki shahar elektr transportini boshqarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar instruktori ishtirokida, dastlabki boshqaruv ko‘nikmalariga ega bo‘lgan o‘rganuvchiga ruxsat etiladi. O‘rganuvchi Qoidalar talablarini bilishi va ularga amal qilishi shart.
148. Avtomototransport vositasini yoki shahar elektr transportini boshqarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar instruktori boshqarishni o‘rgatish huquqini beruvchi hujjatga, shuningdek tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomaga ega bo‘lishi kerak.
149. O‘rganuvchi o‘quv muddati yakunida “A” toifadagi avtomototransport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lishi uchun — 16 yoshga, “V” va “S” toifalari uchun — 18 yoshga, “D” toifasi hamda tramvay va trolleybuslarni boshqarish uchun 21 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak.
150. Boshqarishni o‘rgatish uchun mo‘ljallangan mexanik transport vositalari “Boshqarishni o‘rgatish transport vositasi” taniqlik belgisi va o‘rgatuvchi uchun ulagich (ssepleniye) va tormozning qo‘shimcha tepkilari, orqani ko‘rsatuvchi ko‘zgu bilan jihozlanishi kerak.
151. Boshqarishni o‘rgatish yo‘nalishlari DYHXX bilan kelishilishi shart. Boshqa yo‘llarda boshqarishni o‘rgatish taqiqlanadi.
XXVI. Odam tashish
152. Yuk avtomobilining yukxonasida odam tashish “S” toifasidagi transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lgan, odamlar soni kabinadagi yo‘lovchilarni ham qo‘shib hisoblaganda 8 nafardan ortiq bo‘lganda esa, “S” va “D” toifalaridagi transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lgan va shu toifaga taalluqli transport vositalaridan birini 3 yildan ortiq boshqargan haydovchilar tomonidan amalga oshirilishi kerak.
Harbiy haydovchilarga yuk avtomobillarida odam tashishga ruxsat berish O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
153. Odam tashish uchun mo‘ljallangan yuk avtomobili yukxonasi bortining balandligidan 30 santimetr pastda joylashgan o‘rindiqlar bilan jihozlanishi, ikki yon va orqa bortdagi o‘rindiqlar mustahkam suyanchiqqa ega bo‘lishi kerak.
Bolalarni yuk avtomobillarining yukxonasida tashish taqiqlanadi.
154. Yuk avtomobilining yukxonasida, shuningdek shaharlararo, sayyohlik, ekskursiya yoki tog‘li yo‘nalishlarda va bolalar guruhini tashkiliy tashishda tashilayotgan odamlar soni o‘tirish uchun jihozlangan o‘rindiqlar sonidan oshmasligi kerak.
155. Harakatni boshlashdan oldin haydovchi yo‘lovchilarga avtomobilga chiqish, undan tushish va unga joylashish tartibi haqida tushuncha berishi kerak.
Haydovchi harakatni boshlashdan oldin yo‘lovchilarni xavfsiz tashish sharoiti ta’minlanganligiga ishonch hosil qilishi kerak.
156. Odam tashishga moslashtirilmagan yuk avtomobillarining yukxonasida faqat yukni olish uchun borayotgan yoki uni kuzatib borayotgan shaxslarning bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladi, bunda ular bortlardan pastda joylashgan o‘rindiqlar bilan ta’minlanishlari kerak.
157. Bolalar guruhini tashkiliy tashishda transport vositasida (salonda) katta yoshli kuzatib boruvchi shaxs (kuzatib boruvchilar) bo‘lishi shart. Bunday transport vositalarining oldi va orqa tomoniga “Bolalar guruhini tashish” taniqlik belgisi o‘rnatilishi kerak.
158. Haydovchi transport vositasi to‘la to‘xtagandan keyin odamlarni tushirishi va chiqarishi, eshiklar yopilgandan so‘nggina harakatlanishni boshlashi va to‘la to‘xtamaguncha ularni ochmasligi shart.
159. Odamlarni tashish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
avtomobilning kabinasidan tashqarida (bortli yuk yoki furgon-yukxonali avtomobillarda odam tashishdan tashqari);
traktorlar va boshqa o‘ziyurar mashinalar, yuk tashiladigan tirkamalar, tirkama-uycha, yuk mototsikllari yukxonasida;
mototsikllarning konstruksiyasida ko‘zda tutilgan joylaridan tashqarida;
12 yoshga to‘lmagan bolalarni mototsiklning orqa o‘rindig‘ida, shuningdek yengil avtomobilga bolalarni ushlab turuvchi maxsus qurilma o‘rnatilmagan bo‘lsa, uning oldingi o‘rindig‘ida;
12 yoshga to‘lmagan bolalarni hisobga olmaganda, odam soni transport vositasining texnik tavsifnomasida ko‘zda tutilgan miqdordan ortiq bo‘lganda.
Bunda transport vositasining haqiqiy vazni uni ishlab chiqargan korxona belgilagan ruxsat etilgan vazndan oshmasligi kerak.
XXVII. Yuk tashish
160. Tashilayotgan yukning vazni va o‘qlarga tushadigan og‘irlik miqdorining taqsimlanishi ishlab chiqargan korxona tomonidan ushbu transport vositasi uchun belgilangan miqdordan oshmasligi kerak.
161. Haydovchi harakatni boshlashdan oldin yukning to‘g‘ri joylashganligiga va mahkamlanganligiga ishonch hosil qilishi, harakatlanish vaqtida esa, yukning tushib ketmasligini va harakatlanishga xalaqit bermasligini ta’minlash maqsadida uning holatini kuzatib borishi kerak.
162. Quyidagi shartlarga amal qilinganda yuk tashishga yo‘l qo‘yiladi:
agar yuk haydovchiga tevarak-atrof ko‘rinishini cheklamasa;
transport vositasini boshqarishni qiyinlashtirmasa va muvozanatini buzmasa;
tashqi yoritish asboblari va yorug‘lik qaytargichlarini, ro‘yxatdan o‘tkazilganlik davlat raqam belgilari va taniqlik belgilarini, shuningdek qo‘l bilan beriladigan ishoralarni ko‘rishni to‘smasa;
Oldingi tahrirga qarang.

(avtotransport vositalarining ochiq yuk tashish platformalarida, issiq asfalt, yirik gabaritli va og‘ir yuklardan tashqari, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, shuningdek, to‘kiladigan boshqa yuklarni tashishda) yuk majburiy tartibda brezent yoki boshqa qalin material bilan yopilgan bo‘lsa;
(162-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/292/2915-son)
shovqin solmasa, chang ko‘tarmasa, yo‘lni va atrof-muhitni iflos qilmasa.
Agar yukning joylashuvi va holati qayd etilgan talablarga javob bermasa, haydovchi yuqorida sanab o‘tilgan qoidalar buzilishini bartaraf etish choralarini ko‘rishi, buning iloji bo‘lmasa, keyingi harakatlanishni to‘xtatishi shart.
163. Transport vositasining gabaritlaridan old yoki orqa tomonga bir metrdan, yon tomonga gabarit chiroqlarining chetki qismidan 0,4 metrdan ortiq chiqib turgan yuk “Katta o‘lchamli yuk” taniqlik belgisi bilan belgilanishi, qorong‘i vaqtda va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda esa bunga qo‘shimcha ravishda old oq chiroq yoki yorug‘lik qaytargich, orqasi esa qizil chiroq yoki yorug‘lik qaytargich bilan belgilanishi kerak.

Oldingi tahrirga qarang.

164. O‘ta og‘ir, katta o‘lchamli va xavfli yuklarni tashishda gabarit o‘lchamlari yukli yoki yuksiz holda eni bo‘yicha 2,55 (refrijeratorlar va izotermik kuzovlar uchun — 2,6) metrdan va balandligi bo‘yicha yo‘l sathidan 4 metrdan, uzunligi bo‘yicha yakka avtotransport vositasi uchun — 12 metrdan, tirkama uchun — 12 metrdan, yarimtirkamali avtopoyezd uchun — 20 metrdan, tirkamali avtopoyezd uchun — 20 metrdan ortiq bo‘lgan yoki yuki transport vositasining oldi va orqa nuqtasidan 2 metrdan ortiq chiqib turgan transport vositalarining harakatlanishi belgilangan tartibda DYHXX bilan kelishilgan bo‘lishi kerak.
(164-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/292/2915-son)
Avtobus va mikroavtobuslar tomiga yuk tashish uchun moslamalar o‘rnatish, hamda belgilanmagan joylarda yuk tashish taqiqlanadi.
Avtomobil transportida mamlakatlararo yuk tashish transport vositalariga qo‘yiladigan talablarga va O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini hisobga olgan holda o‘rnatilgan tashish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
XXVIII. Velosiped, moped va aravalar harakatlanishiga, shuningdek hayvonlarni haydab o‘tishga doir qo‘shimcha talablar
165. Yo‘lda velosiped, aravani boshqarish, miniladigan yoki yuk ortiladigan hayvonlarni haydab o‘tish 14 yoshdan kichik bo‘lmagan, mopedni boshqarish esa 16 yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslarga ruxsat etiladi.
166. Velosipedlar, mopedlar, aravalar, miniladigan yoki yuk ortiladigan hayvonlarning yo‘lning chetki o‘ng bo‘lagida imkoni boricha o‘ng tomonidan bir qator bo‘lib harakatlanishiga yo‘l qo‘yiladi. Agar piyodalarga xalaqit bermasa, yo‘l yoqasidan harakatlanishga ham ruxsat etiladi.
Yo‘lning qatnov qismida harakatlanishda velosipedchilar, aravalar jamlanmasi, miniladigan yoki yuk ortiladigan hayvonlar guruhlari va haydab ketilayotgan hayvonlar to‘dasi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlaydigan hamda ularni quvib o‘tishni osonlashtiradigan guruhlarga bo‘linishi kerak.
167. Velosiped tovushli ishora moslamasi bilan jihozlangan va tormoz tizimi soz bo‘lishi zarur. Qorong‘i vaqtda va yetarlicha ko‘rinmaslik sharoitida harakatlanish uchun velosipedning old tomoniga oq rangli nur qaytargich va chiroq, orqa tomoniga qizil rangli nur qaytargich va chiroq, yon tomonlariga esa, zarg‘aldoq yoki qizil rangli nur qaytargich o‘rnatilishi kerak.
168. Velosiped va moped haydovchilariga quyidagilar taqiqlanadi:
Oldingi tahrirga qarang.

rulni ushlamasdan yoki bir qo‘lda ushlab harakatlanish (manyovrdan oldin ishoralar berish bundan mustasno);
(168-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/292/2915-son)
yo‘lovchi tashish (ishonchli oyoq qo‘ygich bilan jihozlangan qo‘shimcha o‘rindiqda 7 yoshgacha bo‘lgan yo‘lovchini tashish bundan mustasno);
gabaritdan bo‘yiga va eniga 0,5 metrdan ortiq chiqib turgan yoki boshqarishga xalaqit beradigan yuklarni tashish;
velosiped yo‘lkasi bo‘lgan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanish;
tramvaylar harakatlanadigan yo‘llarda va tegishli yo‘nalishda bo‘lagi bittadan ko‘p bo‘lgan yo‘llarda chapga burilish yoki qayrilib olish;
qadab olinmagan motoshlemsiz yo‘llarda harakatlanish (moped haydovchilariga).
Velosipedlarni va mopedlarni shatakka olish, shuningdek ulardan shatakka olishda foydalanish taqiqlanadi (velosiped yoki mopedga mo‘ljallangan tirkamalarni shatakka olish bundan mustasno).
169. Chorrahadan tashqaridagi tartibga solinmagan velosiped yo‘lkasi bilan yo‘l kesishmasida velosiped va moped haydovchilari yo‘lda harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishlari kerak.
170. Ot-aravalarda uni to‘xtatib turadigan moslama va orqaga tisarilib ketishga yo‘l qo‘ymaydigan tirgaklar bo‘lishi kerak.
Qorong‘i vaqtda va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda harakatlanganda ot-aravaning old tomoniga oq rangli chiroq yoki ikkita nur qaytargich, orqa tomoniga esa qizil rangli chiroq yoki ikkita nur qaytargich o‘rnatilishi kerak.
Yondosh hududdan yoki ikkinchi darajali yo‘ldan ko‘rinishi cheklangan joylarda yo‘lga chiqayotgan arava haydovchisi hayvonlarning jilovini qo‘yib yubormasligi kerak.
171. Hayvonlar yo‘lda, asosan kunning yorug‘ vaqtida haydab borilishi kerak. Podachilar hayvonlarni mumkin qadar yo‘lning o‘ng chetida olib yurishlari kerak.
172. Temir yo‘l kesishmalari orqali o‘tishda podachilar sonini hisobga olgan holda hayvonlar podasi xavf-xatarsiz haydab o‘tilishi ta’minlanadigan to‘dalarga bo‘linishi kerak.
173. Aravani boshqarayotgan, miniladigan yoki yuk ortiladigan hayvonlarni, podani haydab ketayotgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:
yo‘llarda hayvonlarni nazoratsiz qoldirish;
podani temir yo‘ldan va yo‘lda maxsus ajratilmagan joylardan, shuningdek ruxsat etilgan joylarda esa qorong‘i vaqtda va yetarli ko‘rinmaslik sharoitida haydab o‘tish;
boshqa yo‘llar bo‘lganda hayvonlarni mukammal qoplamali yo‘llarda haydab borish;
ko‘kalamzorlashtirilgan joylarda (yo‘l, yo‘l yoqasi, ajratuvchi bo‘lak va h.k.) hayvonlarni boqish va bog‘lab qo‘yish.
XXIX. Mansabdor shaxslarning va fuqarolarning yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, transport vositalarini yo‘lga chiqarish, raqam va taniqli belgilarini o‘rnatish bo‘yicha majburiyatlari
174. Yo‘l harakatida ishtirok etayotgan transport vositalarining texnik holati va jihozlari O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Mexanik transport vositalari va tirkamalar “Tranzit” ro‘yxatlash belgisining amal qilish vaqti ichida yoki xarid qilingan, shuningdek bojxonada rasmiylashtirilgan vaqtdan boshlab 10 kun mobaynida DYHXXda ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi kerak.
175. Mexanik transport vositalari (tramvay, tolleybuslardan tashqari) va tirkamalarning ko‘zda tutilgan joylarida tegishli namunadagi ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgilari o‘rnatilgan bo‘lishi shart. Avtomobil va avtobuslarda esa old peshoynaning o‘ng tomonidagi past burchagiga davlat texnik ko‘rigidan o‘tganligi haqidagi talon o‘rnatilishi kerak.
Yuk avtomobillari, tirkamalar (yengil avtomobillar va mototsikllar tirkamalaridan tashqari) va avtobuslar (mikroavtobuslardan tashqari) kuzovining orqa devoriga uning davlat raqam belgisi va harflari yozilishi kerak. Raqamning balandligi 300 mm, kengligi 120 mm, chiziqning yo‘g‘onligi 30 mm, harflar balandligi esa raqam o‘lchamlarining 2/3 qismiga teng bo‘lishi kerak.
Tramvay va trolleybuslarga tegishli tashkilot tomonidan ro‘yxatga olingan raqamlar yoziladi.
176. Transport vositalariga quyidagi taniqlik belgilari o‘rnatilishi kerak:
“Avtopoyezd” — yuk avtomobillari va g‘ildirakli traktor (1,4 tonna va undan yuqori) larda tirkama bo‘lganda, shuningdek tutashtirilgan avtobus va trolleybus kabinalari tomining old qismi o‘rtasiga bir qator qilib 150 dan 300 millimetrgacha oraliqda ko‘ndalang joylashgan uchta zarg‘aldoq rangli chiroq yoki ichidan yoritiladigan, tomonlarining har biri 250 millimetr bo‘lgan sariq rangli uchburchak shaklidagi belgi;
“Turumlangan” (tishli, shipli) — turumlangan shinali mexanik transport vositasining orqasiga tomonlari teng, ichiga qora rangda “T” harfi tushirilgan, qizil hoshiyali, oq rangdagi uchburchak shaklidagi belgi. Uchburchakning tomonlari transport vositasining turiga qarab 200 — 300 millimetrgacha, hoshiyaning kengligi uchburchak tomonining 1/10 qismiga teng bo‘lishi kerak;
“Bolalar guruhini tashish” — bolalar guruhini tashkiliy tashishda, transport vositasining old va orqa tomonlariga qizil hoshiyali, ichiga 1.21 yo‘l belgisidagi bolalar timsolining tasviri tushirilgan, sariq rangdagi, tomonlari teng bo‘lgan to‘rtburchak (kvadrat) ko‘rinishidagi belgi. To‘rtburchakning tomonlari 250 — 300 millimetrgacha, hoshiyaning kengligi to‘rtburchak tomonining 1/10 qismiga teng bo‘lishi kerak;
“Kar haydovchi” — kar-soqov yoki kar haydovchi boshqarayotgan transport vositasining old va orqa tomonlariga ichiga diametri 40 millimetr bo‘lgan uchta qora doira tushirilgan, diametri 160 millimetrni tashkil etadigan sariq rangli doira shaklidagi belgi;
“Boshqarishni o‘rgatish transport vositasi” — boshqarishni o‘rgatishda foydalaniladigan transport vositalarining old va orqa tomoniga ichiga qora rangda “O‘” harfi tushirilgan, tomonlari 200 millimetrdan 300 millimetrgacha bo‘lgan, qizil hoshiyali, oq rangli uchburchak shaklidagi belgi;
“Tezlik cheklangan” — o‘ta og‘ir, xavfli va katta o‘lchamli yuklarni tashiyotgan, shuningdek transport vositasining texnik tavsifnomasida ko‘rsatilgan eng yuqori tezligi ushbu Qoidalarning 7879 va 80-bandlarida belgilangan tezlikdan kam bo‘lgan hollarda transport vositasi kuzovi orqa devorining chap tomoniga 3.24 — “Yuqori tezlik cheklangan” yo‘l belgisining kichraytirilgan, rangli tasviri tushirilgan shaklidagi belgi. Belgining diametri 160 millimetrdan kam bo‘lmasligi, hoshiyasining kengligi belgi diametrining 1/10 qismiga teng bo‘lishi kerak;
“Xavfli yuk” xavfli yukni tashiyotgan transport vositasining old va orqa tomoniga o‘rnatilgan o‘lchami 690 x 300 millimetr, o‘ng qismi 400 x 300 millimetr bo‘lgan zarg‘aldoq rangli, chap qismi esa yukning xavfli xususiyatini bildirib turgan belgilar tushirilgan qora hoshiyali (kengligi 15 millimetr) oq rangdagi to‘rtburchak shaklidagi belgi (ushbu Qoidalarga 4-ilova);
“Katta o‘lchamli yuk” — ichiga kengligi 50 millimetrli, diagonal bo‘yicha navbatma-navbat qizil va oq rangli chiziqlar tushirilgan, nur qaytaradigan yuzali, o‘lchami 400 x 400 millimetrli to‘rtburchak shaklidagi belgi;
“Uzun o‘lchamli transport vositasi” — yukli yoki yuksiz uzunligi 20 metrdan oshadigan transport vositasining, ikki yoki undan ko‘proq tirkamali avtopoyezdlarning orqasiga kengligi 40 millimetr bo‘lgan qizil hoshiyali, o‘lchami 1200 x 200 millimetr bo‘lgan, tarkibning tasviri tushirilgan sariq rangli to‘rtburchak shaklidagi belgi.
Ko‘rsatilgan o‘lchamli belgini joylashtirishning imkoniyati bo‘lmasa, bir xil ikkita 600 x 200 millimetr o‘lchamdagi belgini transport vositasining o‘qiga simmetrik ravishda o‘rnatishga yo‘l qo‘yiladi.
“Avariya sababli to‘xtash” — miltillovchi qizil chiroq va davlat standarti talablari asosidagi uchburchak shaklidagi belgi.
Haydovchilarning xohishiga ko‘ra quyidagi taniqlik belgilari o‘rnatilishi mumkin:
“Shifokor” — shifokor-haydovchi boshqarayotgan transport vositasining old va orqa tomoniga o‘rnatiladigan, tomonlari 140 millimetr bo‘lgan, ko‘k rangli, to‘rtburchak ichida diametri 90 millimetrli oq doiraga qalinligi 25 millimetrli qizil xoch tasviri tushirilgan belgi;
“Nogiron” — birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi boshqarayotgan transport vositasining old va orqa tomoniga o‘rnatiladigan barcha tomonlari 150 millimetr bo‘lgan va qora rangli 7.17 yo‘l belgisining tasviri tushirilgan sariq rangli to‘rtburchak shaklidagi belgi.
177. Mexanik transport vositalarini shatakka olishda egiluvchan ulagichni ko‘rsatadigan ogohlantiruvchi, o‘lchami 200 x 200 millimetr bo‘lgan, diagonali bo‘yicha ketma-ket joylashgan 50 millimetr qalinlikdagi qizil va oq rangli chiziqlar tushirilgan, yorug‘lik qaytaradigan yuzali bayroqchalar yoki taxtachalar shaklidagi ogohlantiruvchi qurilmalar o‘rnatilishi kerak.
Egiluvchan ulagichga kamida ikkita ogohlantiruvchi qurilma o‘rnatiladi.
178. Qattiq ulagichli qurilmaning konstruksiyasi texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga mos bo‘lishi kerak.
179. Quyidagi hollarda transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi:
avtomobillar, avtobuslar, avtopoyezdlar, tirkamalar, mototsikllar, mopedlar, traktorlar va boshqa o‘ziyurar mashinalarning texnik holati va jihozlanishi transport vositalaridan foydalanishni taqiqlaydigan shartlar ro‘yxatining talablariga javob bermasa (ushbu Qoidalarga 3-ilova);
trolleybus va tramvaylarda tegishli texnik foydalanish qoidalarida ko‘zda tutilgan nosozliklardan birortasi bo‘lsa;
transport vositalari davlat texnik ko‘rigidan o‘tmagan, shuningdek tegishli ruxsatsiz qayta jihozlangan bo‘lsa;
transport vositalari DYHXX ruxsatisiz miltillovchi chiroq-mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishora bilan jihozlangan, kuzovning yon tomoniga DYHXX bilan kelishilmasdan qiya oq chiziq tortilgan, ko‘zda tutilgan joylarga tegishli davlat raqam belgilari o‘rnatilmagan, agregat va qismlarining raqamlari yoki davlat ro‘yxatlash raqam belgilari ko‘rinmaydigan, qalbakilashtirilgan, o‘zgartirilgan bo‘lsa;
transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi belgilangan tartibda majburiy sug‘urta qilinmagan bo‘lsa.
180. Transport vositalarining texnik holatiga va ulardan foydalanishga javobgar bo‘lgan mansabdor va boshqa shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:
texnik nosoz, tegishli ruxsatsiz qayta jihozlangan, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki davriy davlat texnik ko‘rigidan o‘tkazilmaganligi tufayli foydalanish taqiqlangan transport vositalarini yo‘lga chiqarish;
mastlik (giyohvandlik moddalar, alkogol va boshqalar) holatida yoki sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoqlik yoki betoblik holatida, shuningdek tegishli toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan, belgilangan muddatda tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi bo‘lmagan shaxslarni transport vositasini boshqarishga qo‘yish;
asfalt yoki sement-beton qoplamali yo‘llarga zanjirli traktor va boshqa o‘ziyurar mexanizmlarni chiqarish.
181. Yo‘llar, temir yo‘l kesishmalari va boshqa yo‘l inshootlarining holatiga javobgar bo‘lgan mansabdor va boshqa shaxslar:
yo‘llar, temir yo‘l kesishmalari va boshqa yo‘l inshootlarini yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi texnik tartibga solish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy va me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiq, harakat xavfsizligini ta’minlaydigan holatda saqlashga;
yo‘l harakatiga xalaqit beradigan har qanday to‘sqinlik vujudga kelsa, ularni o‘z vaqtida bartaraf etish, yo‘lning ayrim qismlarida ulardan foydalanish yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan hollarda harakatni cheklash yoki taqiqlash choralarini ko‘rishga majbur.
182. Yo‘llarda ta’mirlash ishlarini bajarishga javobgar mansabdor va boshqa shaxslar ishlar olib borilayotgan joyda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga majbur. Bunday joylar, shuningdek yo‘ldan tashqariga olib chiqish imkoniyati bo‘lmagan ish bajarmayotgan yo‘l mashinalari, qurilish materiallari, qurilma va shunga o‘xshashlar tegishli yo‘l belgilari, yo‘naltiruvchi va to‘suvchi moslamalar bilan, sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda esa, qo‘shimcha qizil yoki sariq chiroqli ishoralar bilan belgilanishi kerak.
Ta’mirlash ishlari tugagandan so‘ng transport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlangan bo‘lishi kerak.
183. Qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollarda tegishli mansabdor va boshqa shaxslar tomonidan DYHXX bilan belgilangan tartibda quyidagilar kelishiladi:
shaharlarda va avtomobil yo‘llarida harakatni tashkil etishni loyihalash, yo‘llarni harakatni tashkil etuvchi texnik vositalar bilan jihozlash;
yo‘llarni, temir yo‘llarni kesib o‘tish joylarini, avtomobilga yonilg‘i quyish shoxobchalarini, transport vositalarining konstruksiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish loyihalari;
avtotransport vositalarining konstruksiyasi va (yoki) uning qismi yo‘l harakati xavfsizligi talablariga mos kelishi va avtomototransport vositalarini qayta jihozlash;
yo‘nalishli transport vositalari yo‘nalishlari va bekatlarining joylashishi;
yo‘llarda ommaviy sport va boshqa tadbirlarni o‘tkazish;
transport vositalarini qayta jihozlash, ularga maxsus yorug‘lik va tovush ishoralarini o‘rnatish, transport vositalari kuzovining yon tomoniga qiya oq chiziqlar tortish;
ushbu Qoidalarning 164-bandida keltirilgan transport vositalarining harakatlanishi;
boshqarishni o‘rgatish ruxsat etilgan yo‘llar ro‘yxati va chizmasi, harakat xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislarni, avtomototransport vositasini yoki shahar elektr transportini boshqarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar instruktori va haydovchilarni tayyorlash dasturlari;
yo‘llarda transport vositalari va piyodalarning harakatiga xavf tug‘diruvchi har qanday ishlarni olib borish.
184. Zarg‘aldoq yoki sariq rangli miltillovchi chiroq-mayoqcha yo‘lda qurilish, ta’mirlash yoki tozalash ishlari olib borayotgan, shikastlangan, nosoz bo‘lgan, shuningdek qonunda ko‘zda tutilgan hollarda, boshqa transport vositalarini ortish va tashish ishlarini bajarayotgan, yo‘l harakatida qatnashayotgan gabarit o‘lchamlari ushbu Qoidalarning 164-bandida belgilangandan ortiq bo‘lgan hamda o‘ta og‘ir, katta o‘lchamli va xavfli yuk tashiyotgan transport vositalarida va maxsus qoidalar bilan belgilangan hollarda bunday transport vositalarini kuzatib kelayotgan transport vositalarida o‘rnatilishi kerak.
185. Barcha rangdagi chiroq-mayoqchalar transport vositasining tomiga yoki ustiga o‘rnatiladi. Mahkamlash usullari transport vositasi har xil sharoitlarda harakatlanganda ham o‘rnatilgan chiroq-mayoqchalarning mustahkamligini ta’minlashi kerak.
186. Transport vositalarining barcha rangdagi chiroq-mayoqcha va maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlanganligi haqidagi ma’lumotlar transport vositasini ro‘yxatlash guvohnomasida ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Yo‘l harakati qoidalariga
1-ILOVA
Yo‘l belgilari


Oldingi tahrirga qarang.

1. Ogohlantiruvchi belgilar
Ogohlantiruvchi belgilar haydovchilarga xavfli yo‘l qismiga yaqinlashayotganligi haqida axborot berib, unda harakatlanishda sharoitga qarab tegishli chora ko‘rishni talab qiladi.
1.1. “Shlagbaumli temir yo‘l kesishmasi”.
1.2. “Shlagbaumsiz temir yo‘l kesishmasi”.
1.3. “Diqqat, temir yo‘l kesishmasini to‘suvchi qurilma”. Ushbu yo‘l belgisi to‘suvchi qurilma bilan jihozlangan temir yo‘l kesishmasiga yetmasdan o‘rnatiladi va transport vositalari haydovchilarini oldinda to‘suvchi qurilma borligi haqida ogohlantiradi.
1.3.1. “Bir izli temir yo‘l”.
1.3.2. “Ko‘p izli temir yo‘l”.
1.3.1. — bir izli temir yo‘l, 1.3.2. — ikki va undan ortiq izli temir yo‘l belgilari shlagbaum bilan jihozlanmagan temir yo‘l kesishmasi oldida o‘rnatiladi.
1.4.1-1.4.6. “Temir yo‘l kesishmasiga yaqinlashish”.
Aholi punktlaridan tashqarida temir yo‘l kesishmasiga yaqinlashayotganlik haqida qo‘shimcha ogohlantirish beradi.
1.5. “Tramvay yo‘li bilan kesishuv”.
1.6. “Teng ahamiyatli yo‘llar kesishuvi”.
1.7. “Aylanma harakatlanish bilan kesishuv”.
1.8. “Svetofor tartibga soladi”. Harakat svetofor orqali tartibga solingan chorraha, piyodalar o‘tish joyi yoki yo‘l qismini bildiradi.
1.9. “Ko‘tarma ko‘prik”. Ko‘tarma ko‘prik yoki solda kesib o‘tish.
1.10. “Sohilga chiqish”. Daryo yoki suv havzasi qirg‘og‘iga chiqishni bildiradi.
1.11.11.11.2. “Xavfli burilish”. 1.11.1 — o‘ngga, 1.11.2 — chapga yo‘l belgilari yo‘lning kichik radiusli yoki ko‘rinishi cheklangan burilish joyini bildiradi.
1.12.1, 1.12.2. “Xavfli burilishlar”. 1.12.1 — birinchi burilish o‘ngga, 1.12.2 — birinchi burilish chapga yo‘l belgilari yo‘lning xavfli burilishlari bo‘lgan qismini bildiradi.
1.13. “Tik nishablik”.
1.14. “Tik balandlik”.
1.15. “Sirpanchiq yo‘l”. Yo‘lning o‘ta sirpanchiq bo‘lgan qismini bildiradi.
1.16. “Notekis yo‘l”. Qatnov qismi notekis bo‘lgan yo‘l (o‘nqir-cho‘nqir, o‘ydim-chuqur joylar, ko‘prikning yo‘lga notekis tutashuvi va shu kabilar) qismini bildiradi.
1.17. “Tosh otilishi xavfi”. Transport vositasining g‘ildiragi ostidan shag‘al, tosh va shunga o‘xshashlarning otilib chiqish ehtimoli bo‘lgan yo‘l qismini bildiradi.
1.18.1-1.18.3. “Yo‘lning torayishi”. 1.18.1 — ikki tomonlama torayish; 1.18.2 — o‘ngga torayish va 1.18.3 — chapga torayishni bildiradi.
1.19. “Ikki tomonlama harakatlanish”. Yo‘lning (qatnov qismining) qarama-qarshi harakatlanishni qismi boshlanishini bildiradi.
1.20. “Piyodalar o‘tish joyi”. 5.16.1, 5.16.2 belgilari va (yoki) 1.14.1 — 1.14.3 chiziqlari bilan belgilangan piyodalar o‘tish joyini bildiradi.
1.21. “Bolalar”. Bolalar muassasasi (maktablar, bolalarning dam olish maskanlari va shunga o‘xshashlar)ga yaqin yo‘lning qatnov qismidan bolalarning chiqib qolish ehtimolini bildiradi.
1.22. “Velosiped yo‘lkasi bilan kesishuv”.
1.23. “Ta’mirlash ishlari”.
1.24. “Mol haydab o‘tish”.
1.25. “Yovvoyi hayvonlar”.
1.26. “Toshlar tushishi”. Tosh ko‘chishi, surilishi va tushishi mumkin bo‘lgan yo‘l qismini bildiradi.
1.27. “Yonlama shamol”.
1.28. “Pastlab uchuvchi samolyotlar”.
1.29. “Tunnel”. Sun’iy ravishda yoritilmagan yoki kirish peshtog‘ining ko‘rinishi cheklangan tunnelni bildiradi.
1.30. “Boshqa xavf-xatarlar”. Ogohlantiruvchi belgilarda ko‘zda tutilmagan xavf-xatarlar bo‘lgan yo‘l qismini bildiradi.
1.31. “Sun’iy yo‘l notekisligi”. Yo‘lning sun’iy notekislik o‘rnatilgan qismiga yaqinlashayotganligi to‘g‘risida ogohlantiradi. Transport vositasining harakatlanish tezligini majburiy tarzda kamaytirish uchun qo‘llaniladi.
1.31.1, 1.31.2. “Burilishning yo‘nalishi”. Kichik radiusli, ko‘rinishi cheklangan yo‘lda harakatlanish yo‘nalishini va yo‘lning ta’mirlanayotgan qismini aylanib o‘tish yo‘nalishini bildiradi.
1.31.3. “Burilishning yo‘nalishi”. T-simon chorrahada yoki yo‘l ayrilishlarida harakatlanish yo‘nalishini, ta’mirlanayotgan yo‘l qismini aylanib o‘tish yo‘nalishini bildiradi.
1.32. “Tirbandlik”. Ushbu yo‘l belgisi vaqtinchalik yoki tasviri o‘zgaradigan holatda tirbandlik hosil bo‘lgan yo‘l yoki chorrahaga kirish oldidan yo‘lni yoki chorrahani aylanib o‘tish imkoniyati bo‘lgan joyga o‘rnatiladi.
1.1, 1.2, 1.5 — 1.32 ogohlantiruvchi belgilari aholi punktlarida xavfli joydan 50 — 100 metr, aholi punktlaridan tashqarida esa 150 — 300 metr oldin o‘rnatiladi. Zaruriyat bo‘lganda, bu belgilar 7.1.1 qo‘shimcha axborot belgisida ko‘rsatilgan boshqa masofada ham o‘rnatilishi mumkin.
Agar nishablik va balandlik ketma-ket keladigan bo‘lsa, 1.13 va 1.14 belgilari bevosita nishablik va balandlik oldiga o‘rnatilishi mumkin.
Aholi punktlaridan tashqarida 1.1, 1.2, 1.9, 1.101.21 va 1.23 belgilari takrorlanadi. Ikkinchi belgi yo‘lning xavfli qismi boshlanishiga kamida 50 metr qolganda o‘rnatiladi.
Agar qatnov qismida qisqa muddatli yo‘l ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, 1.23 belgisi ish bajarilayotgan joyga 10 — 15 metr masofa yetmasdan (7.1.1 qo‘shimcha axborot belgisisiz) o‘rnatilishi mumkin.
1.3, 1.3.1 va 1.3.2 belgilari bevosita temir yo‘l kesishmalari oldida, eng yaqin relsdan 20 metrdan kam bo‘lmagan masofada o‘rnatiladi.
(1-bo‘lim O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/292/2915-son)
2. Imtiyoz belgilari
Imtiyoz belgilari — chorrahalarda, qatnov qismlari kesishgan joylarda, yo‘lning tor qismlarida harakatlanish navbatini belgilaydi.
2.1. “Asosiy yo‘l”. Harakat tartibga solinmagan chorrahalarda oldin o‘tish huquqini beradi. Belgi asosiy yo‘l boshiga va kesishuvlarning bevosita oldiga o‘rnatiladi.
Belgi asosiy yo‘l boshiga va chorrahalarning bevosita oldiga o‘rnatiladi.
2.2. “Asosiy yo‘lning oxiri”.
2.3.1. “Ikkinchi darajali yo‘l bilan kesishuv”.
2.3.22.3.3. “Ikkinchi darajali yo‘l bilan tutashuv”. 2.3.2 — tutashuv o‘ngdan, 2.3.3 — tutashuv chapdan. 2.3.1 — 2.3.3 yo‘l belgilari aholi punktlarida kesishmagacha 50 — 100 metr masofada, aholi punktlaridan tashqarida esa 150 — 300 metr masofada o‘rnatiladi.
2.4. “Yo‘l bering!”. Haydovchi kesib o‘tilayotgan yo‘ldan, 7.13 qo‘shimcha-axborot belgisi bo‘lganda esa asosiy yo‘ldan harakatlanayotgan transport vositasiga yo‘l berishi kerak.
2.5. “To‘xtamasdan harakatlanish taqiqlangan”. To‘xtash chizig‘i oldida, agar u bo‘lmasa, kesib o‘tiladigan qatnov qismining chetida to‘xtamasdan harakatlanish taqiqlanadi. Haydovchi kesib o‘tilayotgan yo‘ldan, 7.13 qo‘shimcha-axborot belgisi bo‘lganda esa asosiy yo‘ldan harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishi kerak.
Bu belgi temir yo‘l kesishmasi yoki karantin maskanidan oldin o‘rnatilishi mumkin. Bunday hollarda haydovchi to‘xtash chizig‘i oldida, u bo‘lmasa, belgi oldida to‘xtashi kerak.
2.6. “Ro‘para harakatlanishning ustunligi”. Qarama-qarshi harakatlanishni qiyinlashtiradigan hollarda yo‘lning tor qismiga kirish taqiqlanadi. Haydovchi yo‘lning tor qismida bo‘lgan yoki ro‘paradan unga yaqin bo‘lgan transport vositasiga yo‘l berishi kerak.
2.7. “Ro‘paradagi harakatlanishga nisbatan imtiyoz”. Yo‘lning tor qismida harakatlanishda haydovchi ro‘paradan kelayotgan transport vositasiga nisbatan imtiyozga egaligini bildiradi.
3. Taqiqlovchi belgilar
Taqiqlovchi belgilar yo‘l harakatiga ma’lum cheklanishlar kiritish yoki ularni bekor qilish uchun qo‘llaniladi.
3.1. “Kirish taqiqlangan”. Barcha transport vositalarining kirishi taqiqlanishini bildiradi.
3.2. “Harakatlanish taqiqlangan”. Barcha transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanishini bildiradi.
3.3. “Mexanik transport vositalarining harakatlanishi taqiqlangan”.
3.4. “Yuk avtomobillarining harakatlanishi taqiqlangan”. To‘la vazni 3,5 tonnadan (agar vazni belgida ko‘rsatilmagan bo‘lsa) yoki to‘la vazni belgida ko‘rsatilgandan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari va transport vositalari tarkiblarining, shuningdek traktorlar, o‘ziyurar moslamalarning harakatlanishi taqiqlanishini bildiradi.
3.4 yo‘l belgisi bortlariga qiya oq chiziq tortilgan yoki odamlarni tashish uchun mo‘ljallangan yuk avtomobillarining harakatlanishini taqiqlamaydi.
3.5. “Mototsikllar harakatlanishi taqiqlangan”.
3.6. “Traktorlar harakatlanishi taqiqlangan”. Traktorlar, o‘ziyurar moslamalarning harakatlanishi taqiqlanishini bildiradi.
3.7. “Tirkama bilan harakatlanish taqiqlanadi”. Yuk tashuvchi transport vositalari, traktorlarning barcha turdagi tirkamalar bilan harakatlanishi, shuningdek mexanik transport vositalarini har qanday usulda shatakka olish taqiqlanishini bildiradi.
3.8. “Ot-arava harakatlanishi taqiqlangan”. Ot-arava (chana), otliqlar, yuk ortilgan hayvonlarning harakatlanishi, shuningdek mol (poda) haydab o‘tish taqiqlanishini bildiradi.
3.9. “Velosipedda harakatlanish taqiqlangan”. Velosiped va mopedlarning harakatlanishi taqiqlanishini bildiradi.
3.10. “Piyodalarning harakatlanishi taqiqlangan”.
3.11. “Vazn cheklangan”. Haqiqiy umumiy vazni belgida ko‘rsatilganidan ortiq bo‘lgan transport vositalarining, shuningdek transport vositalari tarkiblarining harakatlanishi taqiqlanishini bildiradi.
3.12. “O‘qqa tushadigan og‘irlik cheklangan”. Birorta o‘qiga tushadigan haqiqiy og‘irligi belgida ko‘rsatilganidan ortiq bo‘lgan transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanishini bildiradi.
3.13. “Cheklangan balandlik”. Gabarit balandligi (yuk bilan yoki yuksiz) belgida ko‘rsatilganidan ortiq bo‘lgan transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanishini bildiradi.
3.14. “Cheklangan kenglik”. Gabarit kengligi (yuk bilan yoki yuksiz) belgida ko‘rsatilganidan ortiq bo‘lgan transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanishini bildiradi.
3.15. “Cheklangan uzunlik”. Gabarit uzunligi (yuk bilan yoki yuksiz) belgida ko‘rsatilganidan ortiq bo‘lgan transport vositalari (transport vositalari tarkiblari)ning harakatlanishi taqiqlanishini bildiradi.
3.16. “Eng kam oraliq”. Belgida ko‘rsatilganidan kam oraliq masofada harakatlanish taqiqlanishini bildiradi.
3.17.1. “Bojxona”. Bojxona (tekshiruv maskani) oldida to‘xtamasdan o‘tish taqiqlanishini bildiradi.
3.17.2. “Xavf-xatar”. Yo‘l-transport hodisasi yoki boshqa xavfli vaziyatlar tufayli, istisnosiz, barcha transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanishini bildiradi.
3.18.1. “O‘ngga burilish taqiqlangan”.
3.18.2. “Chapga burilish taqiqlanadi”.
3.19. “Qayrilish taqiqlangan”.
3.20. “Quvib o‘tish taqiqlangan”. Soatiga 40 km dan kam tezlikda harakatlanayotgan yakka transport vositasidan boshqa transport vositalarini quvib o‘tish taqiqlanishini bildiradi.
3.21. “Quvib o‘tish taqiqlangan hududning oxiri”.
3.22. “Yuk avtomobillarida quvib o‘tish taqiqlangan”. To‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarida barcha transport vositalarini quvib o‘tish taqiqlanishini bildiradi. (soatiga 40 km dan kam tezlikda harakatlanayotgan transport vositasi, traktor, ot-arava, velosiped bundan mustasno).
3.23. “Yuk avtomobillarida quvib o‘tish taqiqlangan hududning oxiri”.
3.24. “Yuqori tezlik cheklangan”. Belgida ko‘rsatilganidan ortiq tezlikda (km/s) harakatlanish taqiqlanishini bildiradi.
3.25. “Yuqori tezlik cheklangan hududning oxiri”.
3.26. “Tovush moslamalaridan foydalanish taqiqlangan”. Yo‘l transport hodisasining oldini olish hollaridan boshqa vaziyatlarda tovush moslamasidan foydalanish taqiqlanishini bildiradi.
3.27. “To‘xtash taqiqlangan”. Transport vositalarining to‘xtashi va to‘xtab turishi taqiqlanishini bildiradi.
3.28. “To‘xtab turish taqiqlangan”. Transport vositalarining to‘xtab turishi taqiqlanishini bildiradi.
3.29. “Oyning toq kunlarida to‘xtab turish taqiqlangan”.
3.30. “Oyning juft kunlarida to‘xtab turish taqiqlangan”.
3.31. “Barcha cheklovlarning oxiri”. 3.163.203.223.243.26 — 3.30 belgilaridan bir nechtasiga bir vaqtda amal qiladigan oraliqlarning oxirini bildiradi.
Oldingi tahrirga qarang.

3.32. “Xavfli yuk tashiyotgan transport vositasining harakati taqiqlangan”.
3.33. “Portlovchi va tez alangalanuvchi yukni tashiyotgan transport vositasining harakati taqiqlangan”.
3.1 — 3.33.18.1, 3.18.2, 3.19, 3.27 belgilarga amal qilish yo‘nalishli transport vositalariga, 3.2 — 3.8 belgilari belgilangan zonada joylashgan korxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalariga, shuningdek, belgilangan zonada yashaydigan yoki ishlaydigan fuqarolarga xizmat qiluvchi yoki ularga tegishli bo‘lgan transport vositalariga ta’sir qilmaydi. Bunday hollarda transport vositalari belgilangan joyga yaqin chorrahadan kirib yoki chiqib ketishlari kerak.
3.27 belgisi yo‘nalishsiz yengil taksilarga yo‘lovchilarni tushurish-chiqarish (yuklarni ortish-tushurish) vaqtida ta’sir qilmaydi.
Ushbu Qoidalarning 176-bandiga binoan “Nogiron” tanish belgisi bilan belgilangan avtomobillar va kajavali mototsikllarni boshqarayotgan nogiron haydovchilar 3.2, 3.3 va 3.28 belgilari talablaridan chetga chiqishlari mumkin. 7.18 belgi bo‘lganda 3.27 belgisining ta’sir doirasida to‘xtashga ruxsat etiladi.
3.28 — 3.30 belgilarining taksometri ishlab turgan taksilarga taalluqli emas.
3.18.1 va 3.18.2 belgilari qatnov qismlarining qaysi kesishmasi oldiga o‘rnatilsa, shu kesishmaga tatbiq etiladi.
3.16, 3.20, 3.22, 3.24, 3.26 — 3.30, 3.32, 3.33 belgilari belgi o‘rnatilgan joydan keyingi eng yaqin chorrahagacha, chorrahasi bo‘lmagan aholi punktlarida aholi yashaydigan hududning oxirigacha ta’sir qiladi. Yo‘lga tutash hududlardan dala va o‘rmonlarning yo‘l bilan tutashgan hamda ikkinchi darajali yo‘llardan chiqish joylarida, ularning oldida tegishli belgilar o‘rnatilmagan bo‘lsa, bu belgilarning ta’siri yo‘qolmaydi.
Aholi punktlariga yetmay o‘rnatilgan 3.24 belgisining ta’siri 5.22 belgisigacha kuchini saqlaydi.
Belgilarning ta’sir doirasi aniqlashtirilishi mumkin:
3.16 va 3.26 belgilari 7.2.1 qo‘shimcha axborot belgisi orqali;
3.20, 3.22, 3.24 belgilari 3.21, 3.23, 3.25 belgilari va 7.2.1 qo‘shimcha axborot belgisi orqali;
3.27 — 3.30 belgilarining amal qilish oralig‘i oxiriga 3.27 — 3.30 belgilari 7.2.3 qo‘shimcha axborot belgisi bilan birga takror o‘rnatiladi yoki 7.2.2 qo‘shimcha axborot belgisi bilan qo‘llaniladi.
3.27 belgisi 1.4 yotiq chizig‘i bilan birgalikda, 3.28 belgisi esa 1.10 yotiq chizig‘i bilan birgalikda qo‘llanishi mumkin, bunda belgilarga amal qilish chiziqlar uzunligi bilan aniqlanadi.
3.103.27 — 3.30 belgilari yo‘lning qaysi tomoniga o‘rnatilgan bo‘lsa, ularga faqat o‘sha tomonda amal qilinadi.
(3-bo‘limning o‘ttiz oltinchi — qirq yettinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/292/2915-son)
4. Buyuruvchi belgilar
4.1.1. “Harakatlanish to‘g‘riga”.
4.1.2. “Harakatlanish o‘ngga”.
4.1.3. “Harakatlanish chapga”.
4.1.4. “Harakatlanish to‘g‘riga yoki o‘ngga”.
4.1.5. “Harakatlanish to‘g‘riga yoki chapga”.
4.1.6. “Harakatlanish o‘ngga yoki chapga”. Ushbu belgilarning ta’sir oralig‘ida faqat yo‘naltirgichlar buyurgan tomonga harakatlanishga ruxsat etiladi. Chapga burilishga ruxsat etuvchi belgi qayrilishga ham ruxsat beradi. (Muayyan kesishmada talab etilgan harakat yo‘nalishiga tegishli yo‘naltirgichning shakli tushirilgan 4.1.1 — 4.1.6 belgilarini qo‘llash mumkin).
4.1.1 — 4.1.6 belgilari yo‘nalishli transport vositalariga ta’sir qilmaydi.
4.1.1 — 4.1.6 yo‘l belgilari qatnov qismlarining qaysi kesishmasi oldiga o‘rnatilsa, shu kesishmaga ta’sir etadi.
4.1.1 belgisi yo‘lning qismi boshlanishiga o‘rnatilsa, unga yaqin chorrahagacha amal qilinadi. Belgi o‘ng tomonda joylashgan hovli va boshqa yondosh hududlarga burilishni taqiqlamaydi.
4.2.1. “To‘siqni o‘ngdan chetlab o‘tish”.
4.2.2. “To‘siqni chapdan chetlab o‘tish”. To‘siqni ko‘rsatilgan yo‘nalish bo‘yicha chetlab o‘tishga ruxsat etilishini bildiradi.
4.2.3. “To‘siqni o‘ngdan yoki chapdan chetlab o‘tish”. To‘siqni har tomonidan chetlab o‘tishga ruxsat etilishini bildiradi.
4.3. “Aylanma harakatlanish”. Yo‘naltirgichlarda ko‘rsatilgan yo‘nalishlarda harakatlanishga ruxsat etilishini bildiradi.
4.4. “Yengil avtomobillar harakati”. Yengil avtomobillar, avtobus, mototsikllar, belgilangan yo‘nalishli transport vositalari va ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakatlanishiga ruxsat etilishini bildiradi.
Belgining ta’sir oralig‘ida yashovchi va ishlovchi fuqarolarga tegishli, ularga va korxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalariga bu belgi tatbiq etilmaydi. Bunday hollarda transport vositalari belgilangan joyga eng yaqin chorrahadan kirib yoki chiqib ketishlari kerak.
4.5. “Velosiped yo‘lkasi”. Faqat velosiped va mopedlarda harakatlanishga ruxsat etilishini bildiradi. Trotuar yoki piyodalar yo‘lkasi bo‘lmasa, velosiped yo‘lkasidan piyodalar ham yurishlari mumkin.
4.6. “Piyodalar yo‘lkasi”. Faqat piyodalar yurishiga ruxsat etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.

4.6.1. “Piyodalar va velosipedchilarning birgalikdagi harakati tashkil etilgan yo‘lak”.
4.6.2. “Piyodalar va velosipedchilarning birgalikdagi harakati tashkil etilgan yo‘lakning oxiri”.
4.6.3. “Piyodalar va velosipedchilarning harakati alohida tashkil etilgan yo‘lak”. 1.1, 1.25 va 1.26 yotiq yo‘l chizig‘i yordamida, konstruktiv tarzda yoxud boshqa usulda piyodalar va velosipedchilarning harakati ajratilgan piyodalar va velosipedchilar yo‘lagi.
4.6.4. “Piyodalar va velosipedchilarning harakati alohida tashkil etilgan yo‘lakning oxiri”.
4.6.5. “Piyodalar va velosipedchilarning harakati alohida tashkil etilgan yo‘lak”. 1.1, 1.25 va 1.26 yotiq yo‘l chizig‘i yordamida, konstruktiv tarzda yoxud boshqa usulda piyodalar va velosipedchilarning harakati ajratilgan piyodalar va velosipedchilar yo‘lagi.
4.6.6. “Piyodalar va velosipedchilarning harakati alohida tashkil etilgan yo‘lakning oxiri”.
4.7. “Eng kam tezlik”. Faqat belgida ko‘rsatilgan yoki undan yuqori tezlikda (km/soat) harakatlanishga ruxsat etilishini bildiradi.
4.8. “Eng kam tezlik belgilangan yo‘lning oxiri”.
4.9.1, 4.9.2 va 4.9.3 “Xavfli yuk tashiyotgan transport vositalarining harakat yo‘nalishi”. “Xavfli yuk” tanish belgisi bilan jihozlangan transport vositalarining harakatiga yo‘l belgisida ko‘rsatilgan yo‘nalishlarda ruxsat beriladi: 4.9.1 — to‘g‘riga, 4.9.2 — chapga, 4.9.3 — o‘ngga.
(4-bo‘limning o‘n to‘qqizinchi-yigirmanchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/292/2915-son)
5. Axborot-ko‘rsatgich belgilari
Axborot-ko‘rsatgich belgilari ma’lum harakat tartiblarini kiritadi yoki ularni bekor qiladi, hamda aholi punktlari va boshqa manzillarning joylashuvi haqida ma’lumot beradi.

5.1. “Avtomagistral”. Yo‘l harakati qoidalarining avtomagistrallarda harakatlanish tartibi o‘rnatilgan yo‘lni bildiradi.
5.2. “Avtomagistralning oxiri”.
5.3. “Avtomobillar uchun mo‘ljallangan yo‘l”. Faqat avtomobillar, avtobus va mototsikllarning harakatlanishi uchun mo‘ljallangan yo‘lni bildiradi.
5.4. “Avtomobillar uchun mo‘ljallangan yo‘lning oxiri”.
5.5. “Bir tomonlama harakatli yo‘l”. Transport vositalari butun kenglik bo‘yicha bir yo‘nalishda harakatlanadigan yo‘l yoki qatnov qismini bildiradi.
5.6. “Bir tomonlama harakatli yo‘lning oxiri”.
5.7.15.7.2. “Bir tomonlama harakatli yo‘lga chiqish”. Harakatlanish bir tomonlama bo‘lgan yo‘lga yoki qatnov qismiga chiqishni bildiradi.
5.8.1. “Bo‘laklar bo‘yicha harakat yo‘nalishi”. Bo‘laklar soni va har biri bo‘yicha ruxsat etilgan harakatlanish yo‘nalishini bildiradi.
5.8.2. “Bo‘lak bo‘yicha harakatlanish yo‘nalishi”. Bo‘lak bo‘yicha ruxsat etilgan harakat yo‘nalishini bildiradi.
Yo‘lning chetki chap bo‘lagidan chapga burilishga ruxsat beruvchi 5.8.1 va 5.8.2 belgilari shu bo‘lakdan qayrilishga ham ruxsat beradi.
Chorrahadan oldin o‘rnatilgan 5.8.1 va 5.8.2 belgilarining ta’siri, agar shu turkumdagi boshqa belgilar o‘rnatilmagan bo‘lsa, butun chorrahaga tatbiq etiladi.
5.8.3. “Bo‘lakning boshlanishi”. Yo‘lning sekinlashish bo‘lagi yoki balandlikka ko‘tarilishdagi qo‘shimcha bo‘lakning boshlanish joyini bildiradi.
Agar belgiga 4.7 “Eng kam tezlik” belgisining tasviri tushgan bo‘lsa, ko‘rsatilgan yoki undan kattaroq tezlikda harakatlana olmaydigan transport vositasining haydovchisi asosiy bo‘lakdan qo‘shimcha bo‘lakka qayta tizilishi kerak.
5.8.4. “Bo‘lakning boshlanishi”. Uch bo‘lakli yo‘llarda shu yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan o‘rta bo‘lak qismining boshlanishini bildiradi.
5.8.5. “Bo‘lak oxiri”. Balandlikka ko‘tarilishdagi qo‘shimcha bo‘lakning yoki tezlanish bo‘lagining oxirini bildiradi.
5.8.6. “Bo‘lak oxiri”. Uch bo‘lakli yo‘llarda shu yo‘nalishda harakatlanish uchun mo‘ljallangan o‘rta bo‘lak qismining oxirini bildiradi.
5.8.75.8.8. “Bo‘laklar bo‘yicha harakatlanish yo‘nalishi”. Agar 5.8.7 belgisida biror transport vositasining harakatlanishini taqiqlovchi belgi tasvirlangan bo‘lsa, unda bu tur transport vositasining tegishli bo‘lakda harakatlanishi taqiqlanishini bildiradi.
5.8.7 va 5.8.8 belgilari yo‘nalishlar soniga ko‘ra to‘rt va undan ortiq bo‘lakli yo‘llarga ham tatbiq etilishi mumkin. Tasviri almashadigan 5.8.75.8.8 belgilari yordamida reversiv harakat tashkil etilishi mumkin.
5.9. “Yo‘nalishli transport vositalari uchun mo‘ljallangan bo‘lak”. Transport vositalari yo‘nalishida harakatlanadigan yo‘nalishli transport vositalari uchun mo‘ljallangan bo‘lakni bildiradi.
Belgi qaysi bo‘lak ustida joylashgan bo‘lsa, shu bo‘lakka tatbiq etiladi. Yo‘lning o‘ng tomoniga o‘rnatilgan belgining ta’siri o‘ng bo‘lakka tatbiq etiladi.
5.10.1. “Yo‘nalishli transport vositalari uchun bo‘lagi bor yo‘l”. Yo‘nalishli transport vositalarining umumiy oqimga qarshi harakatlanishi uchun ajratilgan bo‘lakni bildiradi.
5.10.25.10.3. “Yo‘nalishli transport vositalari uchun bo‘lagi bor yo‘lga chiqish”.
5.10.4. “Yo‘nalishli transport vositalari uchun bo‘lagi bor yo‘lning oxiri”.
5.11.1. “Qayrilib olish joyi”. Chapga burilish taqiqlanadi.
5.11.2. “Qayrilib olish oralig‘i”. Qayrilib olish oralig‘ining uzunligini bildiradi. Chapga burilish taqiqlanadi.
5.12. “Avtobus va (yoki) trolleybus to‘xtash joyi”.
5.13. “Tramvay to‘xtash joyi”.
5.14. “Yengil taksilar to‘xtab turish joyi”.
5.15. “To‘xtab turish joyi”.
5.16.15.16.2. “Piyodalar o‘tish joyi”. O‘tish joyi oldida 1.14.1-1.14.2 yotiq chizig‘i bo‘lmaganda 5.16.2 belgisi yo‘ldan o‘ng tomonga o‘tish joyining old chegarasiga, 5.16.1 belgisi esa chap tomonga o‘tish joyining orqa chegarasiga o‘rnatiladi.
5.17.15.17.2. “Piyodalarning yer ostidan o‘tish joyi”.
5.17.35.17.4. “Piyodalarning yer ustidan o‘tish joyi”.
5.18. “Tavsiya etilgan tezlik”. Yo‘lning shu qismida tavsiya etilgan harakatlanish tezligini bildiradi. Belgiga eng yaqin chorrahagacha amal qilinadi. 5.18 belgisi ogohlantiruvchi belgi bilan birga qo‘llansa, uning ta’sir oralig‘i xavfli qismning uzunligi bilan aniqlanadi.
5.19.1 — 5.19.3. “Oxiri berk yo‘l”. Yo‘lning ko‘rsatilgan yo‘nalishda oxiri berkligini bildiradi.
5.20.15.20.2. “Yo‘nalishlarning dastlabki ko‘rsatkichi”. Belgida ko‘rsatilgan aholi punkti va boshqa manzillarga harakatlanish yo‘nalishini bildiradi. Belgida 5.29.1 belgisining hamda avtomagistral, aeroport va boshqa ramziy belgilar tasviri tushirilgan bo‘lishi mumkin. 5.20.1 belgisida harakatlanish tartibining xususiyatlari to‘g‘risida axborot beruvchi boshqa belgilarning tasviri ham tushgan bo‘lishi mumkin. 5.20.1 belgisining past qismida belgi o‘rnatilgan joydan chorrahagacha bo‘lgan masofa ko‘rsatiladi. 5.20.1 belgisi yo‘lning 3.11 — 3.15 taqiqlovchi belgilaridan biri o‘rnatilgan qismlarini aylanib o‘tish yo‘nalishini ko‘rsatish uchun ham qo‘llaniladi.
5.20.3. “Harakatlanish sxemasi”. Chorrahada ayrim yo‘nalishlarda harakatlanish taqiqlangan bo‘lsa harakatlanish yo‘nalishi yoki murakkab chorrahalarda ruxsat etilgan harakatlanish yo‘nalishini bildiradi.
5.21.1. “Yo‘nalish ko‘rsatkichi”.
5.21.2. “Yo‘nalishlar ko‘rsatkichi”. Ko‘rsatilgan manzillarga harakatlanish yo‘nalishlarini bildiradi. Belgilarda manzillargacha bo‘lgan masofa (km) ko‘rsatilishi, avtomagistrallar, aeroportlar va boshqa ramziy belgilar tasvirlangan bo‘lishi mumkin.
5.22. “Aholi punktining boshlanishi”. Ushbu Qoidalarning aholi punktlarida harakatlanish tartibini belgilovchi talablariga amal qilinadigan joylarning nomi hamda uning boshlanishini bildiradi.
5.23. “Aholi punktining oxiri”. Ushbu Qoidalarning aholi punktlarida harakatlanish tartib-talablari bekor qilingan joyni bildiradi.
5.24. “Aholi punktining boshlanishi”. Ushbu Qoidalarning aholi punktlarida harakatlanish tartibini belgilovchi talablariga amal qilinmaydigan joylarning nomi hamda uning boshlanishini bildiradi.
5.25. “Aholi punktining oxiri”. 5.24 yo‘l belgisi bilan ko‘rsatilgan aholi punktining oxirini bildiradi.
5.26. “Manzil nomi”. Aholi punktlaridan boshqa manzillarning nomini bildiradi. (daryo, ko‘l, dovon, xushmanzara joy va h. k.).
5.27. “Masofalar ko‘rsatkichi”. Yo‘nalish bo‘yicha joylashgan aholi punktlarigacha bo‘lgan masofani bildiradi. (km).
5.28. “Kilometr belgisi”. Yo‘lning boshi yoki oxirigacha bo‘lgan masofani bildiradi. (km).
5.29.15.29.2. “Yo‘l raqami”. 5.29.1 — yo‘lga berilgan raqam, 5.29.2 — yo‘lning raqami va yo‘nalishini bildiradi.
5.30.1 — 5.30.3. “Yuk avtomobillari uchun harakatlanish yo‘nalishi”. Chorrahada yuk avtomobillari, traktorlar va o‘ziyurar moslamalarga biror yo‘nalishda harakatlanish taqiqlangan bo‘lsa, bunday transport vositalariga tavsiya etilgan harakatlanish yo‘nalishlari ko‘rsatadi.
5.31. “Aylanib o‘tish tasviri”. Harakatlanish uchun vaqtincha yopib qo‘yilgan yo‘l qismini chetlab o‘tish chizmasini bildiradi.
5.32.1 — 5.32.3. “Chetlab o‘tish yo‘nalishi”. Harakatlanish vaqtincha yopib qo‘yilgan yo‘l qismini chetlab o‘tish yo‘nalishini bildiradi.
5.33. “To‘xtash chizig‘i”. Svetoforning (tartibga soluvchining) taqiqlovchi ishorasida transport vositalari to‘xtaydigan joyni bildiradi.
5.34.15.34.2. “Boshqa qatnov qismiga qayta tizilishning boshlang‘ich ko‘rsatkichi”. Ajratuvchi bo‘lagi bo‘lgan yo‘lning harakatlanish uchun yopiq hududini aylanib o‘tish yoki o‘ng tomondagi qatnov qismiga qaytish uchun harakatlanish yo‘nalishini bildiradi.
5.35. “Reversiv harakatlanish”. Bir yoki bir necha bo‘laklarda harakatlanish yo‘nalishi qarama-qarshi tomonga o‘zgarishi mumkin bo‘lgan yo‘l qismining boshlanishini bildiradi.
5.36. “Reversiv harakatlanishning oxiri”.
5.37. “Reversiv harakatlanish yo‘liga chiqish”.
5.38. “Turar joy dahasi”. Yo‘l harakati qoidalarining turar joy dahalarida harakatlanish tartibi o‘rnatilgan yo‘lni bildiradi.
5.39. “Turar joy dahasining oxiri”.
5.40. “Falokatli holatlar uchun kirish yo‘li”. Yo‘l harakati ushbu Qoidalaridagi 128-bandda ko‘rsatilgan holatlarda foydalaniladigan yo‘lni bildiradi.
5.41. “Foto- va video qayd etish”
Oldingi tahrirga qarang.

5.42. “Qizil chiroqda o‘ngga harakatlanish”. Transport svetofori qizil chirog‘ining o‘ng yoniga 5.42 yo‘l belgisi o‘rnatilgan bo‘lsa, transport vositalarining haydovchilari svetoforning taqiqlovchi ishorasi yonib turganda, barcha xavfsizlik choralarini ko‘rgan holda o‘ngga burilishlari mumkin. Bunda ular harakat yo‘nalishi bo‘yicha va burilayotgan ko‘chani kesib o‘tayotgan piyodalarga hamda boshqa transport vositalariga yo‘l berishlari shart.
5.43. “Radar”. Yo‘llarda avtomobil haydovchilari belgilangan tezlikka rioya etishi radarlar yordamida nazorat qilinayotganligini bildiruvchi yo‘l belgisi. Ushbu yo‘l belgisi belgilangan harakatlanish tezligi nazoratga olingan barcha joylarga o‘rnatilishi shart.
Statsionar maxsus texnika vositalaridan foydalaniladigan joylarda doimiy yo‘l belgilarini, ko‘chma maxsus texnika vositalaridan foydalaniladigan joylarda esa ko‘chma ustunga vaqtinchalik yo‘l belgilarini o‘rnatish ko‘zda tutiladi.
5.44. “Velosipedchilar uchun yo‘lak”. Yo‘l belgisi qaysi harakat bo‘lagi ustiga o‘rnatilgan bo‘lsa, o‘sha harakat bo‘lagiga ta’sir qiladi. Yo‘lning o‘ng tomoniga o‘rnatilgan yo‘l belgisi o‘ng bo‘lakka ta’sir qiladi.
5.45. “Velosipedchilar uchun yo‘lakning oxiri”.
Aholi punktlaridan tashqarida o‘rnatilgan 5.20.1, 5.20.2, 5.21.1 va 5.21.2 yo‘l belgilaridagi yashil yoki ko‘k rang ko‘rsatilgan aholi punktiga yoki obyektga avtomagistral yoxud boshqa yo‘l orqali harakatlanish mumkinligini anglatadi.
Oq rang ko‘rsatilgan obyekt ushbu aholi punktida joylashganini anglatadi.
Aholi punktida o‘rnatilgan 5.20.1, 5.20.2, 5.21.1 va 5.21.2 yo‘l belgilaridagi yashil, ko‘k rang ko‘rsatilgan aholi punktiga yoki obyektga ushbu aholi punktidan chiqqandan so‘ng avtomagistral yoxud boshqa yo‘l orqali harakatlanish mumkinligini anglatadi, oq rang esa ko‘rsatilgan obyekt shu aholi punktida joylashganligini bildiradi.
(5-bo‘limning oltmishinchi — oltmish ikkinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/292/2915-son)
6. Servis belgilari
Servis belgilari tegishli obyektlar joylashuvi haqida ma’lumot beradi.
6.1. “Tibbiy yordam ko‘rsatish joyi”.
6.2. “Shifoxona”.
6.3. “Avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasi”.
6.4. “Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish joyi”.
6.5. “Avtomobillarni yuvish joyi”.
6.6. “Telefon”.
6.7. “Oshxona”.
6.8. “Ichimlik suvi”.
6.9. “Mehmonxona”.
6.10. “Kemping”.
6.11. “Dam olish joyi”.
6.12. “YPX maskani”.
Oldingi tahrirga qarang.

6.13. “Xalqaro avtotashuvchilarning nazorat punkti”.
6.14. “Hojatxona”.
6.15. “Chiqindi yig‘ish joyi”.
(6-bo‘lim O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qaroriga asosan o‘n to‘rtinchi — o‘n oltinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/292/2915-son)
7. Qo‘shimcha axborot belgilari
Qo‘shimcha axborot belgilari ular bilan birgalikda qo‘llangan belgilarga aniqlik kiritish yoki ularning ta’sirini cheklash uchun qo‘llaniladi.
7.1.1. “Obyektgacha bo‘lgan masofa”. Belgidan yo‘lning xavfli joyi, yo‘l harakatiga tegishli cheklovlar kiritiladigan joyi yoki harakat yo‘nalishi bo‘yicha oldindagi muayyan joygacha bo‘lgan masofani ko‘rsatadi.
7.1.2. “Obyektgacha bo‘lgan masofa”. Aholi punktlaridan tashqarida chorraha oldiga 2.5. yo‘l belgisi o‘rnatilgan bo‘lsa, 2.4. yo‘l belgisi bilan o‘rnatilib, chorrahagacha bo‘lgan masofani ko‘rsatadi.
7.1.37.1.4. “Obyektgacha bo‘lgan masofa”. Yo‘ldan chetda joylashgan manzilgacha bo‘lgan masofani bildiradi.
7.2.1. “Ta’sir oralig‘i”. Ogohlantiruvchi belgilar bilan belgilangan xavfli joyning uzunligini yoki taqiqlovchi va axborot-ko‘rsatkich belgilarining ta’sir oralig‘ini ko‘rsatadi.
7.2.2 — 7.2.6. “Ta’sir oralig‘i”.
7.2.2 — 3.27 — 3.30 taqiqlovchi belgilarining ta’siri saqlangan oraliqni ko‘rsatadi.
7.2.3 — 3.27 — 3.30 taqiqlovchi belgilarining ta’sir oralig‘i oxirini ko‘rsatadi.
7.2.4 — haydovchilarga ularning 3.27 — 3.30 yo‘l belgilari ta’sir doirasida ekanliklari haqida axborot beradi.
7.2.57.2.6 — maydon, binolar oldi va shunga o‘xshash joylar chetida to‘xtash va to‘xtab turish taqiqlanganda 3.27 — 3.30 belgilarining ta’sir oralig‘i va yo‘nalishini ko‘rsatadi.
7.3.1 — 7.3.3. “Ta’sir yo‘nalishlari”. Chorraha oldida o‘rnatilgan belgilarning ta’sir yo‘nalishini yoki bevosita yo‘l yaqinida joylashgan manzillarga harakatlanish yo‘nalishini ko‘rsatadi.
Oldingi tahrirga qarang.

7.4.1 — 7.4.8. “Transport vositasining turi”. Belgining ta’siri joriy etilgan transport vositalari turini ko‘rsatadi.
(7-bo‘limning o‘n ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/292/2915-son)
7.4.1 belgi bilan o‘rnatilgan yo‘l belgisining ta’siri yuk tashuvchi, shu jumladan, tirkamali, to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan transport vositalariga, 7.4.3 belgi bilan o‘rnatilgan yo‘l belgisining ta’siri yengil avtomobillarga, shuningdek to‘la vazni 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk tashuvchi transport vositalariga tatbiq etiladi.
7.5.1. “Shanba, yakshanba va bayram kunlari”.
7.5.2. “Ish kunlari”.
7.5.3. “Hafta kunlari”. Belgiga haftaning qaysi kunlari amal qilinishi ko‘rsatilgan.
7.5.4. “Amal qilish vaqti”. Belgiga kunning qaysi vaqtida amal qilishni ko‘rsatadi.
7.5.5 — 7.5.7. “Amal qilish vaqti”. Belgiga haftaning qaysi kuni va qaysi soatlarida amal qilishni ko‘rsatadi.
7.6.1 — 7.6.9. “Transport vositasini to‘xtab turish joyiga qo‘yish usuli”. 7.6.1 barcha turdagi transport vositalarini to‘xtab turishi uchun yo‘lning qatnov qismida, trotuar yoniga qo‘yish usulini, 7.6.2 — 7.6.9 trotuar yonidagi to‘xtab turish joyiga yengil avtomobillar va mototsikllarni qo‘yish usulini bildiradi.
7.7. “Dvigatelni ishlatmasdan to‘xtab turish joyi”. 5.15 belgisi bilan belgilangan to‘xtab turish joyida transport vositalarining dvigatelini ishlatmasdan to‘xtab turishiga ruxsat etilganligini ko‘rsatadi.
7.8. “Pullik xizmat ko‘rsatish joyi”. To‘lov asosida xizmat ko‘rsatilishini bildiradi.
7.9. “To‘xtab turish muddati cheklangan”. 5.15 belgisi o‘rnatilgan to‘xtab turish joyida transport vositalari to‘xtab turishining eng ko‘p muddatini ko‘rsatadi.
7.10. “Avtomobillarni ko‘rikdan o‘tkazish joyi”. 5.15 yoki 6.11 belgisi bilan ko‘rsatilgan maydonlarda estakada yoki ko‘zdan kechirish chuqurchalari borligini bildiradi.
7.11. “Ruxsat etilgan to‘la vazni cheklangan”. Belgining ta’siri ruxsat etilgan to‘la vazni qo‘shimcha-axborot yo‘l belgisida ko‘rsatilgan miqdordan ortiq bo‘lgan transport vositalariga taalluqli ekanligini ko‘rsatadi.
7.12. “Xavfli yo‘l yoqasi”. Yo‘l ishlari bajarilayotgani sababli yo‘l yoqasiga chiqish xavfli ekanligi haqida ogohlantiradi. 1.23 belgisi bilan qo‘llaniladi.
7.13. “Asosiy yo‘lning yo‘nalishi”. Chorrahada asosiy yo‘lning yo‘nalishini ko‘rsatadi.
7.14. “Harakatlanish bo‘lagi”. Belgi yoki svetofor ta’siridagi harakatlanish bo‘lagini ko‘rsatadi.
7.15. “Ko‘zi ojiz piyodalar”. 1.205.16.15.16.2 belgilari hamda svetofor bilan birga qo‘llaniladi, piyodalar o‘tish joyidan ko‘zi ojiz piyodalar foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.
7.16. “Nam qoplama”. Belgi qatnov qismining qoplamasi nam bo‘lgan vaqtda ta’sir etishini ko‘rsatadi.
Oldingi tahrirga qarang.

7.17. “Nogironlar”. 5.15 belgisi bilan qo‘llaniladi. To‘xtab turish joyi (yoki uning bir qismi) ushbu Qoidalarning 176-bandiga muvofiq “Nogiron” taniqlik belgisi o‘rnatilgan transport vositalari uchun ajratilganligini ko‘rsatadi.
(o‘ttizinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 321-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 09/18/321/1154-son)
7.18. “Nogironlar mustasno”. Belgilarning ta’siri ushbu Qoidalarning 175-bandiga muvofiq “Nogiron” taniqlik belgisi o‘rnatilgan transport vositalariga joriy etilmaydi.
7.19. “Foto- va video qayd etish”. Yo‘l harakati qatnashchilarining harakatlari maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilayotganligini bildiradi. Ogohlantiruvchi, imtiyoz, taqiqlovchi, buyuruvchi va axborot ishora belgilari bilan birgalikda qo‘llaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.

7.20. “Xavfli yuk toifasi”. Xavfli yuk toifasining (toifalarining) raqamini ko‘rsatadi.
7.21. “Evakuator ishlamoqda”. 3.27 — 3.30 yo‘l belgilari ta’sir oralig‘ida to‘xtagan transport vositalari majburiy evakuatsiya qilinishini ko‘rsatadi.
7.22.1, 7.22.2 va 7.22.3 “To‘siq”. Haydovchilarga to‘siqning uzoqdan ko‘rinishini ta’minlash maqsadida o‘rnatiladi. 4.2.1 — 4.2.3 yo‘l belgilari bilan birgalikda o‘rnatiladi.
(7-bo‘lim O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 292-sonli qaroriga asosan o‘ttiz uchinchi — o‘ttiz beshinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/292/2915-son)
Qo‘shimcha-axborot belgilari qaysi belgi bilan birga joriy etilsa, bevosita shu belgi tagiga joylashtiriladi. 7.2.2 — 7.2.47.13 qo‘shimcha-axborot belgilari qatnov qismining, yo‘l yoqasining, trotuarning tepasiga o‘rnatilgan belgilarining yoniga joylashtiriladi.
Vaqtinchalik (ko‘chma tirgakdagi) va doimiy belgilari ma’no jihatidan bir-biriga zid kelgan hollarda haydovchilar vaqtincha o‘rnatilgan belgilarga amal qilishlari kerak.
Transport svetoforlari
Quyidagi transport svetoforlaridan foydalaniladi:
ishoralar tik joylashgan;
ishoralar yotiq joylashgan;
qo‘shimcha qismli;
harakatni ma’lum yo‘nalishlarda tartibga soluvchi;
reversiv;
tramvay va boshqa yo‘nalishli transport vositalarini harakatini tartibga soluvchi;
temir yo‘l kesishmalarda harakatni tartibga soluvchi;
tartibga solinmagan chorraha va piyodalar o‘tish joylarini belgilaydigan;
korxona, tashkilot va qatnov qismi toraygan joylarda harakatni tartibga soluvchi.

Manzil

  • Xorazm viloyati, Xonqa tumani, Olaja qishlogʼi Yangi turmush mahallasi
  • +998 (94) 310-17-519
  • xonqamaktab50@gmail.com
  • Ish vaqti: 9:00 - 18:00
«    Январь 2025    »
ПнВтСрЧтПтСбВс
 12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031 

Yil dasturi

Maktab manzili